12:54 / 08.05.2015
2330

Qirg‘izistondan noqonuniy olib kirilayotgan 300ga yaqin televizor ushlab qolindi

Namangan viloyatidagi Kosonsoy bojxona postida 282 dona rangli televizor va 2 turdagi elektr kabellarini noqonuniy ravishda Qirg‘izistondan O‘zbekistonga olib kirishga harakat qilgan guruh to‘xtatib qolindi.
“Huquq” gazetasida yozilishicha, guruh rahbari Ismoil Hayitboyev bojxona xodimi Farruh Boymirzayevga 400 ming so‘m pora berib, tilga olingan noqonuniy yukni o‘tkazib yuborishga ko‘ndirgan. Ammo ertasi kuni bojxonadan o‘tkazish jarayonida Boymirzayevning hamkasbi qing‘ir ishni payqab, jinoyatchilarni to‘xtatib qolgan. Haydovchi Komiljon Ahmadjonov qo‘lga olingan, uning yonida ketayotgan sherigi esa qochishga muvaffaq bo‘lgan.
Keyinchalik guruhning barcha a'zolari qo‘lga olib, sudga topshirildi. Bojxona xodimi Farruh Boymirzayev uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Ismoil Hayitboyev, Azizbek Azizxo‘jayev, Sanjar Asitxo‘jayev va Komiljon Ahmadjonovlar ham qonunda belgilangan jazoga tortildilar.

Top