16:10 / 11.05.2015
1941

O‘zbekistonlik paralimpiyachilar IBSA World Games’da ishtirok etmoqda

Joriy yilning 10-17 may kunlari Koreyaning Seul shahrida Paralimpiya xarakatida 1998 yildan buyon an'anaga aylangan IBSA Jahon o‘yinlari (IBSA World Games) o‘tkazilmoqda. Mazkur nufuzli sport musobaqada O‘zbekiston sharafini suzish, yengil atletika va dzyudo sport turlari bo‘yicha 15 nafar sportchi himoya etmoqda.

O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik suzuvchilar ilk medallarni terma jamoaga olib keldilar. 2014 yil Para Osiyo o‘yinlari 3 karra g‘olibi Dmitriy Xorlin 200 metr masofaga erkin suzishda 02:01.07 natija ko‘rsatib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Terma jamoaning yangi a'zosi Muxammad Abduraimov 100 metrga baterflyay usulida suzishda 01:07.43 natija bilan kumush medaliga sazovor bo‘lgan bo‘sa, yana bir o‘zbekistonlik suzuvchi Shaxzod Jumaniyozov 50 metrga brass usulida suzishda 00:34.02 natija bilan bronza medalini zabt etdi. O‘zbekiston suzuvchilar yana 4 kun mobaynida baxs olib boradilar.

12 maydan boshlab, o‘zbekistonlik yengil atletikachilar va dzyudochilar ham baxsga chiqishadi.

Eslatib o‘tamiz IBSA Jahon o‘yinlari (IBSA World Games) ilk bor 1998 yilda Madridda o‘tkazilgan, (2003 yil – Monreal, 2007 yil – San-Paulu, 2011 yil – Antaliya, 2015 yil - Seul). So‘ngi Seulda bo‘lib o‘tayotgan Jahon o‘yinlarida 60 davlatdan 6000 dan ziyod sportchilar 9 xil sport turida kuch sinashmoqda.

2011 yilda Antaliyada bo‘lib o‘tgan Jahon o‘yinlarida Paralimpiya terma jamoasi dzyudo sportidan bitta kumush medalini zabt etgan edi.

Top