21:17 / 12.05.2015
2647

Dubayda suvosti tennis korti qurish rejalashtirilmoqda

Dubayda suvosti mehmonxonasi va villalarini qurish rejalari avj olayotgan paytda Polsha arxitektura firmalaridan biri Dubayda suvosti tennis kortini yaratish g‘oyasini taklif qilmoqda. G‘oya muallifi va 8+8 Concept Studio kompaniyasi egasi, polshalik arxitektor Kshishtof Kotala ayni paytda bu loyihani amalga oshirish uchun sarmoyadorlar qidirish bilan shug‘ullanmoqda hamda Dubayning “iqtisodiy gigantlariga” umid bildirmoqda.   

Arxitektorning aytishicha, katta sarmoyalar qurilish sektoriga jiddiy investorlarni jalb qiladi. O‘z navbatida, bunday loyihalar sayyohlik oqimining oshishi hisobiga katta daromad olishga yordam beradi.

Ma'lumki, Dubayda 2020 yilda Xalqaro ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazmaga 25 mln kishi tashrif buyurishi kutilmoqda.

Suvosti tennis korti o‘zida sport musobaqalari, ko‘ngilochar tadbirlar va ko‘rgazmalar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan yettita arenadan iborat zamonaviy sport majmuasini aks ettiradi.

Majmuaning qurilishida zamonaviy texnologiyalar hamda nano-sement va uglerod oynasi kabi ekologik toza xomashyolardan foydalanish rejalashtirilmoqda. Kotalaning aytishicha, loyiha smetasi hozircha tayyorlanmagan. Loyihaning yakuniy bahosi qurilishi uchun 5 yil ketishi mumkin bo‘lgan obektning konsepsiyasiga bog‘liq bo‘ladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha bir necha milliard dollarni tashkil qilishi mumkin.    

 

Top