13:57 / 12.05.2015
2616

Qilichbozlik bo‘yicha katta yoshdagi sportchilar orasida O‘zbekiston chempionati boshlandi

Joriy bahor O‘zbekiston qilichbozlik tarixida sport tadbirlariga juda boy bo‘ldi. Toshkentda aprel boshida jahon miqyosidagi katta musobaqa – kadetlar va o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi

Bu sport tadbiri sport doiralari va jamiyatimiz orasida birdek qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi uchun bu chempionat katta musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazish borasida katta tajriba maktabini o‘tadi.    

Ushbu chempionatning o‘tkazilishi natijasida yurtimizda qilichbozlik bilan shug‘ullanishni istovchilar soni ko‘payib ketdi. Biroq hozirda ushbu sport turi bo‘yicha mavjud bo‘lgan sport bazasi qilichbozlik bilan shug‘ullanishni istovchi bunday katta oqimni qabul qilish imkoniyatiga ega emas va Federatsiya sport maydonchalarini kengaytarish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rmoqda.

Aprel oyi oxirida qilichbozlik bo‘yicha respublika yoshlar chempionati bo‘lib o‘tdi. 11 mayda esa Toshkentda “Paxtakor” sport majmuasi qilichbozlik zalida katta yoshdagi sportchilar orasida O‘zbekiston chempionati boshlandi.

Bu musobaqada yosh bo‘yicha tasniflash shartli ko‘rinish olgan. Sportchilar uchun faqatgina pastki yosh chegarasi joriy qilinib, unga  ko‘ra sportchilar 2001 yildan keyin tug‘ilmagan bo‘lishlari kerak. Musobaqalarga respublikamizning turli viloyatlaridan va Toshkentdan 150 dan ortiq sportchi tashrif buyurdi.

Chempionatning birinchi kuni shaxsiy hisobda respublika chempioni unvonini qo‘lga kiritish uchun shpagachilar kuch sinashishdi. Ayollar o‘rtasida Navoiy viloyati vakillari shohsupaning barcha pog‘onalarini egalladilar. Malika Xakimova O‘zbekiston chempioni unvonini qo‘lga kiritdi. Albina Abduraxmanonova 2-o‘rinni, 3-o‘rinni esa yana bir navoiylik sportchi Gulnoz Abduraxmanova va toshkentlik Veronika Rojkova egalladilar.

Erkaklar orasida namanganlik shpagachi Roman Aleksandrov chempion bo‘ldi, toshkentlik Ruslan Kudayev kumush medal, andijonlik Abdulvosid Nasridinov va Baxtiyor G‘aniyev bronza medalni qo‘lga kiritdilar.  

Chempionatning ikkinchi kuni shu sportchilar jamoaviy hisobda yana shpagalarini to‘qnashtiradi.

 

Top