12:11 / 13.05.2015
5540

“Mehnat huquqi bilimdoni” tanlovining saralash bosqichi yakunlandi

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, yoshlar orasida mehnat sohasidagi xalqaro va milliy standartlarni keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi markazi va Toshkent davlat yuridik universiteti tashkilotchiligida 2015 yilning aprel-may oylarida Toshkent shahridagi o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Mehnat huquqi bilimdoni” tanlovi o‘tkazilmoqda. Bu haqida xushnudbek.uz sayti xabar berdi.

Tanlovning dastlabki saralash bosqichida Toshkent shahridagi 50 dan ortiqo‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalarining 211 nafar o‘quvchisi o‘z ijodiy ishlari bilan qatnashdi. Saralash bosqichiga O‘zbekiston Respublikasida mehnat qilish huquqi, yoshlarning mehnat qilish huquqi kafolatlari, kasaba uyushmalari faoliyatining kafolatlari va ularga a'zolik afzalliklari, “Keksalarni e'zozlash yili”da ijtimoiy himoya va ijtimoiy-mehnat huquqlariga oid boshqa mavzularda yozilgan ijodiy ishlar kelib tushdi.

Malakali va nufuzli mutaxassislardan tashkil topgan hakamlar hay'ati ijodiy ishlarda tanlangan mavzuning dolzarbligi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida aks etishi, xalqaro va xorijiy davlatlar tajribasidan foydalanilganligi, qiyosiy va mantiqiy fikrlash aks etganligiga qarab baholashdi. Tanlovning saralash bosqichi yakunlariga ko‘ra quyidagi 16 nafar o‘quvchi final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi:

  1. Hafiza Abdumalikova – O‘zMU qoshidagi S.H.Sirojiddinov nomli akademik litsey o‘quvchisi
  2. Mushtariybegim Xodjayeva – Toshkent islom universiteti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi
  3. Ravshan Abduqodirov – Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi
  4. Dilshoda Melibayeva – Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi 2-sonli akademik litsey o‘quvchisi
  5. Bekzod Fatxullayev – Toshkent yuridik kolleji o‘quvchisi
  6. Anvarjon Yuldashev - Toshkent yuridik kolleji o‘quvchisi
  7. Najmiddin Nasriddinov – 2-Toshkent yuridik kolleji o‘quvchisi
  8. Maftuna Abdumo‘minova - 2-Toshkent yuridik kolleji o‘quvchisi
  9. Lobar Abduqodirova - 2-Toshkent yuridik kolleji o‘quvchisi
  10. Shoista Zokirova– Yakkasaroy maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisi
  11. Mohinur Mirvaliyeva– Toshkent iqtisodiyot kolleji o‘quvchisi
  12. Xojibek Xojiqulov – Sergeli politexnika kasb-hunar kolleji o‘quvchisi
  13. Zahro Jalolova – Toshkent ixtisoslashtirilgan Xotin-qizlar kasb-hunar kolleji o‘quvchisi
  14. Mirjalol Iskandarov– Chilonzor tibbiyot kolleji o‘quvchisi
  15. Ozod Soliyev– Toshkent avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji o‘quvchisi
  16. Maftuna Kulmatova – Toshkent pedagogika kolleji o‘quvchisi

Final bosqichi 2015 yilning 14 may kuni 2-Toshkent yuridik kolleji binosida o‘tkaziladi. Final bosqichi test va og‘zaki savol-javob shaklida o‘tkazilib, eng yaxshi natija ko‘rsatgan 3 nafar o‘quvchi g‘olib deb topiladi hamda I, II, III darajali diplom, zamonaviy planshet bilan, final bosqichi ishtirokchilari esa maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, tanlov g‘oliblari orasidan saralangan qobiliyatli o‘quvchilar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Yuridik klinikasiga ish o‘rganish uchun qabul qilinadi.

Final bosqichi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 10 martdagi 52-sonli qarori ijrosi doirasida o‘rta maxsus ta'lim muassasasi bitiruvchi yoshlari uchun mehnat sohasidagi xalqaro standartlar va milliy qonunchilik, yoshlar mehnatini tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha o‘quv seminari o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.


Top