18:53 / 14.05.2015
9896

Keyingi mavsum uchun yangi jamoa topgan futbolchilar

Joriy mavsum yakunlanishi arafasida bir qancha futbolchilar keyingi mavsum uchun rejalarini tuzib olishdi. Quyida 2015-16 yillar mavsumi uchun o‘ziga yangi jamoa topgan futbolchilar bilan tanishishingiz mumkin.

1. Dirk Kyuyt

O‘zining yulduzlik davrlarini "Liverpul" safida o‘tkazgan, oxirgi ikki mavsumda esa turkiyaning "Fenerbahche" jamoasida o‘ynagan gollandiyalik Dirk Kyuyt o‘z vataniga qaytmoqda. U 9 yil oldin "Feyenoord"dan Angliyaga yo‘l olgan edi. Futbolchi yana shu jamoada faoliyatini davom ettiradi.

2. Pablo Armero

Biroz oldinroq "Milan"ni tark etgan kolumbiyalik himoyachi Pablo Armero o‘ziga Braziliyadan yangi jamoa topdi. O‘z faoliyatida Kolumbiya chempionatida o‘ynamagan Armero turli yillar davomida "Palmeyras", "Udineze", "Napoli", "Vest Xem" va "Milan" jamoalarida harakat qilgan. Endi u "Flamengo" a'zosi hisoblanadi.

3. Entoni Udja

Joriy mavsumda "Kyoln" jamoasining asosiy to‘purari bo‘lgan nigeriyalik Entoni Udja mavsum so‘ngida rahbariyat bilan kelishmovchilikka uchragan. Natijada endi u Bundesliganing boshqa vakili "Verder" safiga o‘tib ketdi.

4. Nemanya Gudel

"Ayaks" murabbiyi Frank de Bur joriy mavsumda "AZ Alkmar" safidagi o‘yinlari bilan Erediviziyaning eng yaxshi yarimhimoyachilaridan biri bo‘lgan Nemanya Gudelni poytaxt jamoasida o‘ynashga ko‘ndirdi. Toni Kroosga qiyoslanayotgan bu serbiyalik yosh futbolchi uchun 6 mln yevro to‘langan.

5. Lyuis Xoltbi

"Gamburg" Xoltbini Germaniyaga qaytardi. Nemis jamoasi bu futbolchini "Tottenhem"dan ijaraga olgan. Kelishuvga ko‘ra, "Gamburg" ijara muddati davomida futbolchini 6,5 mln yevro evaziga sotib olishi ham mumkin.

6. Joshua Kimmix

"Bavariya" yangi yulduz sifatida qaralayotgan 20 yoshli tayanch yarimhimoyachisi Joshua Kimmix bilan shartnoma imzoladi. Bu futbolchi o‘tgan yilda 19 yoshli futbolchilar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida Germaniya terma jamoasi safida chempion bo‘lishga erishgan.

7. Jyeyson Murilo

Joriy mavsumda "Granada" uchun o‘ynagan kolumbiyalik Jyeyson Murilo "Inter" bilan kelishuvga erishgan. Uni Kolumbiya terma jamoasi safidagi do‘sti Freddi Guarin Italiyaga taklif etgan.

8. Torgen Azar

Menxengladbaxning "Borussiya" jamoasi "Chelsi"dan Torgan Azarning transfer huquqini sotib oldi. Belgiyalik bu futbolchi, Eden Azarning ukasi Torgen o‘tgan mavsumda aynan shu jamoada ijara asosida harakat qildi va 26 o‘yinda maydonga tushib, 1 gol hamda 7 golli uzatmaga mualliflik qildi.

9. Matiya Nastasich

Matiya Nastasich keyingi mavsumda ham Germaniyaning "Shalke" jamoasida to‘p suradigan bo‘ldi. Transfer huquqi "Manchester Siti"ga tegishli bo‘lgan bu serbiyalik 22 yoshli himoyachi nemislar jamoasiga ijaraga berilgan.

10. Serj Ore

Joriy mavsumda "PSJ" safida ijara asosida o‘ynagan Serj Orening transfer huquqi "Tuluza"dan butunlay sotib olingan. 22 yoshli bu himoyachi Kot-d`Ivuar terma jamoasiga nomzod hisoblanadi.

11. Maks Kruze

"Volfsburg" Germaniya chempionatining eng sermahsul hujumchilaridan biri Maks Kruzeni "Borussiya M"dan 12 mln yevro evaziga sotib olgan. Germaniya termasiga nomzod hisoblanadigan 27 yoshli bu hujumchi o‘tgan ikki mavsum davomida Menxengladbaxning "Borussiya" jamoasi safida 23ta gol urgan va 20ta samarali to‘p uzatishni amalga oshirgan.

12. Memfis Depay

Lui van Gal "MYu"ga Gollandiya terma jamoasidagi shogirdlaridan biri Memfis Depayni olib keladigan bo‘ldi. Hozircha Depayning "MYu"da yiliga 6 mln yevro maosh olishi ma'lum qilingan. 21 yoshli bu futbolchi joriy mavsumda Gollandiya chempionatida "PSV" jamoasi safida 29 o‘yin o‘tkazib, 22 gol urgan va 5ta golli uzatma amalga oshirgan.

13. Danilo

Madridning "Real" jamoasi "Portu"dan 23 yoshli braziliyalik himoyachi Daniloni sotib olish uchun 31,5 mln yevro to‘ladi.

Top