12:31 / 14.05.2015
3711

OAVda iPhone’ning ikkita yangi modeli haqida ma'lumotlar paydo bo‘ldi

Internet nashrlarida Apple korporatsiyasining navbatdagi smartfonlari haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Jumladan, yangi modellarning kameralari sifati oshishi, ularga Force Touch texnologiyasi o‘rnatilishi aytilmoqda. Forbes jurnali barcha tafsilotlarni o‘z sahifalarida bayon etib berdi.
KGI Securities tahlilchisi Min Xi Kuoning fikricha, modellarning asosiy yangiligi “aqlli” soatlar va noutbuklarda tajribadan o‘tkazilgan Force Touch texnologiyasi bo‘ladi.

Ekran o‘lchamlari va yechimlari to‘qqiz oy muqaddam chiqqan iPhone 6 va iPhone 6 Plus modellari bilan bir xil bo‘ladi (4.7 va 5.5 dyuym). Korpuslar assortimentiga “gulob oltin” varianti kiritiladi.
Kamera yechimi 12 megapikselni tashkil qiladi. Shuningdek, A9 protsessori hamda 2 Gb operativ xotira haqida ma'lumot berilmoqda. Qo‘shimcha ravishda Touch ID texnologiyasining takomillashtirilishi va smartfonni imo-ishoralar bilan boshqarish imkoniyatining tug‘ilishi haqida aytilmoqda.

Ta'riflangan modellar joriy yilning avgust oyidan sotuvga chiqariladi. Min Xi Kuoning hisob-kitoblariga qaraganda, yil oxiriga qadar kompaniya 80-90 mln smartfon sotishga muvaffaq bo‘ladi.

Top