16:34 / 14.05.2015
2495

O‘zbekistonda iqlim bilan bog‘liq xavflarni boshqarish masalalari muhokama qilindi

Toshkentda BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda iqlim bilan bog‘liq xavflarni boshqarish” loyihasining yakunlari muhokama etildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar tarqatdi.

Seminarda BMT Taraqqiyot dasturining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy dasturiy koordinatori Yegor Volovik va boshqalar loyiha doirasida bajarilgan ishlar natijalari xususida so‘zlab berdi. Mazkur loyiha Qashqadaryo viloyatida amalga oshirildi. Bu yerda mahalliy mutaxassislar va xalqaro ekspertlar tomonidan suvni tejash va qurg‘oqchilikning salbiy oqibatlarini yumshatish chora-tadbirlari ko‘rildi. Viloyatda suv tejaydigan sug‘orish qurilmalari bilan ta'minlangan issiqxonalar barpo etildi. Issiqxonalardan biri Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti bazasida tashkil etilgan iqlim o‘zgarishi va iqlim bilan bog‘liq xavflarni boshqarish masalalari bo‘yicha axborot-resurs markazining tajriba laboratoriyasiga aylantirildi. Ushbu laboratoriyada qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar yetishtirilmoqda.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sektorining asosiy sub'yektlari bo‘lgan fermer xo‘jaliklari ham loyihaning diqqat markazida bo‘ldi. Ularga ekin maydonlarini lazer yordamida rejalashtirish asbob-uskunalari ajratildi. Yuzdan ziyod fermerga ushbu jihozlardan foydalanish o‘rgatilib, tegishli amaliy tavsiyalar berildi. Suv tanqisligi va qurg‘oqchilikning salbiy oqibatlarini yumshatishga doir amaliy faoliyatga keng jamoatchilikni jalb etishga ham alohida e'tibor qaratildi.

Top