09:39 / 15.05.2015
1837

Nikita Rafalovich Chelyabinskda o‘tayotgan taekvondo bo‘yicha jahon chempionatida kumush medal oldi

Rossiyaning Chelyabinsk shahrida Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionati bahslari davom etmoqda. Dunyoning 141 davlatidan kelgan eng kuchli dayan ustalari g‘oliblik va shu bilan birga Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarining muhim reyting ochkolari uchun bahs olib borishyapti.

Mazkur jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini Jasur Boyqo‘ziyev (-87 kg), Dmitriy Shokin (+87 kg), Maksim Rafalovich (-80 kg), Nikita Rafalovich (-74 kg), Vladislav Xan (-68 kg), Sarvar Sheraliyev (-54 kg) va Dinara Mamadibragimova (-53 kg) himoya qiladi.

14 may kuni o‘zbekistonliklar orasida birinchi bo‘lib bahslarga kirishgan Nikita Rafalovich o‘z ishtirokini muvaffaqiyatli yakunladi. U finalga qadar mag‘lubiyatsiz yetib bordi. Avvaliga u gabonlik Xermen Dyuppasauni 14:0, keyin polineziyalik Remuela Tinirauni 3:2, nimchorak finalda tailandlik Piratep Sila-Onni 16:11, chorak finalda azaliy raqibi koreyalik Xun Kimni 4:3 hisobida yengib, yarim finalga yo‘l oldi. Final yo‘lida malilik Ismoil Kulibali ham mag‘lub etildi.

Hal qiluvchi final uchrashuvida dunyo reytingida uchinchi o‘rinni egallab turgan hamyurtimiz eronlik Ma'sud Xojizavarexga qarshi dayanga chiqdi. Ma'sudning oyoqda raqibning bosh qismiga bergan ikkita aniq zarbasi yakunda eronlik taekvondochining g‘alabasini ta'minladi va u ilk bor jahon chempioniga aylandi. Nikita Rafalovich esa kumush medal sovrindori bo‘ldi.

Bugun Sarvar Sheraliyev hamda Dinara Mamadidragimova, 16 may kuni Jasur Boyqo‘ziyev va Dmitriy Shokin va nihoyat 18 may kuni Maksim Rafalovich jahon chempionati medallari uchun kurashga kirishadi.

Top