14:11 / 15.05.2015
1953

O‘quvchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston vakillari 1 oltin va 1 bronza medal olishdi

Tailandning Pattaya shahrida maktab o‘quvchilari o‘rasidagi jahon chempionati yakunlandi. Ushbu musobaqada besh nafar o‘zbekistonlik yosh shaxmatchi o‘z imkoniyatlarini siovdan o‘tkazishdi.

7 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar bahsida ishtirok etgan Akobirxon Saydaliyev blits bahslarida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Klassik musobaqada u 9 imkoniyatdan 5,5 ochko jamg‘ardi. Abdulbosit Sharifjonov esa 5 ochko bilan yakunda 14-o‘rinni egalladi.

Islombek 6,5 ochko bilan kuchli to‘rtlikdan joy oldi. Bronza medalini qo‘lga kiritgan gonkonglik sportchi hisobida ham aynan 6,5 ochko bor edi. 9 yoshli shaxmatchilar bahsida qatnashgan Islombek so‘nggi turda ushbu yoshda jahon chempioni bo‘lgan rossiyalik Ilya Makoveyev bilan durang o‘ynadi.

11 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchila bahsida qatnashgan jahon chempioni Javohir  Sindarov blits yo‘nalishida oltin medalni qo‘lga kiritgandi. Bu safar u 9 imkoniyatdan 6 ochko jamg‘ardi va yakunda 9-o‘rinni band etdi. 13 yoshlilar musobaqasida ishtirok etgan Suhrobjon Avvalboyev 9 imkoniyatdan 5 ochko to‘pladi.

Jahon chempionati yakunida Xitoy terma jamoasi 5ta oltin, shuncha kumush, 4ta bronza, jami 14ta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Ozarbayjon terma jamoasi 4ta oltin medalga sazovor bo‘ldi va ular umumjamoa hisobida ikkinchi bo‘lishdi. Kuchli uchlikka 3ta oltin, 6ta kumush, bitta bronza medali bilan Filippin terma jamoasi yakun yasadi. O‘zbekiston, Rossiya, Turkmaniston, Mo‘g‘uliston, Hindiston, Indoneziya, Gonkong terma jamoalari hisobida bittadan oltin va bronza medali jamg‘arildi.

Top