19:20 / 15.05.2015
6307

Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan "Muzey – xalq tarixining ko‘zgusi” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 3 maydagi 61-sonli bayoni ijrosini ta'minlash hamda 18 may – Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan muzeyshunoslik sohasida yutuqqa erishgan soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Madaniyat va sport ishlari vazirligi, "O‘zbekmuzey” jamg‘armasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamkorligida "Muzey – xalq tarixining ko‘zgusi” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.

Ko‘rik-tanlovda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan muzeylardan 50 ta hujjatlar taqdim etildi. Taqdim etilgan hujjatlar nufuzli Hakamlar hay'ati tomonidan o‘rganib chiqildi. 

G‘oliblar "Yilning eng yaxshi muzeyi”, "Yilning eng yaxshi uy-muzeyi”, "Yilning eng yaxshi muzey rahbari”, "Yilning eng yaxshi muzey muhofizi”, "Yilning eng yaxshi muzey ekskursavodi”, "Yilning eng yaxshi ilmiy xodimi”, "Yilning mohir restavratori”, "Muzeylar to‘g‘risidagi yilning eng yaxshi ko‘rsatuv, eshittirish va maqola muallifi”, "Yilning eng yaxshi ko‘rgazmasi”, "Yilning eng yaxshi mustaqillik ekspozitsiyasi”, "Yilning eng yaxshi muzey veb-sayti”, "Yilning eng yaxshi muzey jonkuyari” nominatsiyalar bo‘yicha aniqlandi.

Joriy yilning 18 may kuni soat 11.00da O‘zbek Milliy akademik drama teatrida nominantlarni tantanali taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
Xalqimiz ma'naviy-axloqiy kamolotida tutgan o‘rnini oshirish, muzeylardagi noyob eksponatlar orqali boy milliy madaniy merosimizga hurmat-ehtirom tuyg‘ularini tarbiyalash kabi vazifalarni bajarib kelayotgan muzeylarimiz jonkuyarlariga O‘zbek Milliy akademik drama teatri tomonidan "Ko‘ngil” spektakli bayram sovg‘asi sifatida taqdim etiladi.

Top