15:53 / 16.05.2015
2243

Bill va Hillari Klinton 2014 yilda leksiya o‘qish orqali 25 mln dollar ishlab topgani ma'lum bo‘ldi

AQShning sobiq prezidenti Bill Klinton va uning rafiqasi, AQShning sobiq davlat kotibi Hillari Klinton 2014 yilda ommaviy nutqlari uchun gonorar sifatida 25 mln dollar olgan, deb xabar bermoqda The Washington Post gazetasi.

Bunday ma'lumotlar Klintonlar oilasi topshirgan moliyaviy hisobotda ko‘rsatilgan. Hammasi bo‘lib o‘tgan yilda er-xotin Klintonlar 104ta ommaviy leksiya o‘qigan. Ma'lum qilinishicha, 2012 yildan beri Hillari Klintonning bir leksiyasi narxi 250 ming dollarga yaqinni tashkil qiladi. Bu qiymat AQSh fuqarosining bir yillik o‘rtacha maoshidan bir necha marta ko‘proq qiymatni tashkil qiladi.

Bundan tashqari, sobiq davlat kotibi o‘zining “Mushkul tanlov” kitobi uchun mualliflik gonorari sifatida 5 mln dollar daromad olgan. Siyosatchining xotiralari kiritilgan bu kitob 2014 yilning iyunida chop etilgan.

Bill Klintonning prezidentlik muddati nihoyasiga yetishidan oldin Klintonlar oilasi qiyin moliyaviy ahvolda qolgan edi. Biroq AQSh sobiq prezidenti yodnomalarining chop etilishi va er-xotinning ko‘p sondagi leksiyalari Klintonlar oilasiga bu mushkul vaziyatni o‘nglab olishlariga yordam berdi.

Shuningdek, Barak Obama va uning rafiqasi ham 2014 yildagi daromadlarini deklartsiya qilishdi. AQSh federal qonunchiligiga ko‘ra, AQSh prezidenti va boshqa mansabdor shaxslar har yili o‘z daromadlari va ziyonlari bo‘yicha hisobot berib borishlari kerak. Barak Obama va uning rafiqasi Mishel Obamaning boyligi 1,9 mln dollardan 6,9 mln dollargacha baholanmoqda. Bu qiymatdan katta qismi AQSh G‘aznachiligi tomonidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Ularning bozor qiymati 1,25 mln dan 5,25 mln dollargachani tashkil qilmoqda.

Obama oilasining qolgan aktivlari jamg‘arib boriluvchi pensiya hisob raqamlarida, muddatsiz omonatlarda, pensiya jamg‘armasi va farzandlarining o‘qishini to‘lash uchun jamg‘arma hisob raqamlarida saqlanmoqda. Obamalar oilasi, shuningdek, Chikagoda uyga ega. Shuningdek, Obamaning “Umid jasorati” va “Otamning orzulari” kitoblari uning oilasiga 130 ming dollar qo‘shimcha daromad keltirgan.

Top