14:16 / 16.05.2015
2072

O‘zbekistonlik dzyudochilar Osiyo chempionatida beshinchi o‘rinni egallashdi

Kuvaytda bo‘lib o‘tgan dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari beshinchi o‘rinni egalladi.
Kuvaytdagi turnirda qit'aning 31 mamlakatidan kelgan 230 nafar sportchi ishtirok etdi va titul hamda ochkolar uchun kurash olib borishdi.
O‘zbekiston vakillaridan Abdulla Tangriyev oltin medalga ega chiqdi. U finalda 2013 yilda Osiyo chempioni bo‘lgan qirg‘izistonlik Yuriy Krakovetskini mag‘lub etdi.
Sharofiddin Boltaboyev (- 73 kg) va Gulnoza Matniyozova (- 70 kg) esa kumush medallar bilan taqdirlanishdi.
Mart oyida Tbilisi va Samsun shaharlaridagi Gran-prilarda g‘olib bo‘lgan Sharofiddin Lutfillayev (- 60 kg) va Samsundagi Gran-prida uchinchi o‘rinni egallagan Sherali Jo‘rayev (- 90 kg) esa Kuvaytda terma jamoa hisobiga bronza medallar keltirishdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi Yaponiya (6ta oltin, 3ta kumush va 5ta bronza), Janubiy Koreya (3-3-4), Mo‘g‘uliston (2-2-3) va Xitoy (2-0-3) terma jamoalaridan keyingi beshinchi o‘rinni egalladi.

Top