21:53 / 16.05.2015
4477

Qirg‘izistonda yana uchta tashkilot terrorchilik tashkilotlari deb tan olindi

Qirg‘izistonda uchta tashkilot – “Jabxat-an-Nusra”, “Kotibot al Imam al-Buxoriy” va “Jannat Oshiqlari” tashkilotlari terrorchilik tashkilotlari deb tan olindi. Bu tashkilotlar bo‘linmalarining respublikadagi faoliyati taqiqlab qo‘yildi, deb xabar bermoqda Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Qirg‘iziston maxsus xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, bu tashkilotlar 2006 yilda Iroqda “Al-Qoida”ning mahalliy bo‘linmasi boshchiligida 11 ta radikal guruhning birlashishi yo‘li bilan tashkil etilgan.

O‘sh shahri sudi tomonidan O‘sh viloyati prokuraturasining ushbu tashkilotlar va “An-Nusra fronti” tashkilotini terrorchilik tashkilotlari deb tan olinishi va Qirg‘iziston hududida ularning bo‘linmalarining faoliyatini taqiqlab qo‘yish haqidagi arizasi ko‘rib chiqildi va qondirildi.

Sudda ushbu ekstremistik harakatlar “Qirg‘iziston fuqarolarini Suriya va Iroq hududida jangovor harakatlar olib borayotgan terrorchilik uyushmalari safiga yollash va jo‘natish” bilan shug‘ullanishlari o‘rnatildi. Jangovor sharoitlarda mashg‘ulotlar o‘tagan radikal islom tarafdorlari Qirg‘iziston va MDH davlatlariga qo‘poruvchilik harakatlarini oshirishga yuboriladi.

Top