23:02 / 16.05.2015
3305

Rossiya xokkey bo‘yicha Jahon chempionatining finaliga yo‘l oldi

Chexiyada bo‘lib o‘tayotgan xokkey bo‘yicha Jahon chempionatining yarimfinalida Rossiya AQSh ustidan 4:0 hisobida yirik g‘alaba qozonib, musobaqaning finaliga yo‘l oldi. Barcha shaybalar o‘yinning uchinchi taymida kiritildi.

Rossiyalik xokkeychilar musobaqaning guruh bosqichida AQShlik xokkeychilarga 4:2 hisobi bilan imkoniyatni boy bergan bo‘lsalarda, bukmekerlar ushbu o‘yinda aynan Rossiyani favorit deb hisoblashayotgan edi. Oleg Znarok o‘yinchilarining jangovar ruhini ushbu o‘yinga okean ortidan yetib kelgan Aleksandr Ovechkin ko‘tardi.

Barcha shaybalar o‘yinning 3-taymida kiritildi. Taymning boshida amerikalik xokkeychilar keskin hujumlar uyushtirishni davom ettirishdi, biroq Rossiya termasi darvozaboni Sergey Bobrovskiy barcha zarbalarni qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. O‘yinning 48-daqiqasida rossiyaliklar tezkor hujum uyushtirishlari natijasida o‘zlarining niyatlariga yetdilar: Sergey Mozyakin shaybani o‘z maydonidagi ko‘k chiziqdan egallab olib, butun maydonni kezib o‘tib, raqib darvozasiga ajoyib tarzda zarba yo‘llab, hisobni ochdi.

To‘rt daqiqa o‘tib Aleksandr Ovechkin o‘zining ajoyib o‘yinini namoyish qildi: raqibning ikki o‘yinchisini aldab o‘tib, AQSh darvozaboni Xellebayk darvozasiga ikkinchi shaybani kiritdi. O‘yinning 56-daqiqasida Vadim Shipachev uchinchi shaybani kiritdi. O‘yin yakunlanishiga oz fursat qolganda Yevgeniy Malkin darvozabonining o‘rniga oltinchi o‘yinchini tushirgan amerikaliklarning bo‘sh darvozasiga to‘rtinchi shaybani kiritdi.

Endi Rossiya terma jamoasi finalda Chexiya-Kanada yarimfinalida chexlar ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan kanadaliklar bilan kuch sinashadi.

Top