04:59 / 16.05.2015
2891

Toshkentda «SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari» uyushmasi seminar o‘tkazdi

Toshkentda «SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari» uyushmasi tomonidan bolalarni ijtimoiy himoya qilish sohasida faoliyat yurituvchi jamoat tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Tadbir 2013 yilda «SOS Kinderdorf» xalqaro tashkiloti boshlagan va 2014 yildan buyon «SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari» uyushmasi tomonidan amalga oshirib kelinayotgan «Care For Me!» («Bolalarga g‘amxo‘rlik!») global axborot-tushuntirish kampaniyasi doirasida tashkil etildi. Unda vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. 

UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bo‘limi boshlig‘i Pilar Gonsales, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining bolalar huquqlari muammolarini o‘rganish bo‘limi mudiri Yulduz Umarbekova va boshqalar O‘zbekistonda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ta'lim-tarbiya berish, sog‘lig‘ini mustahkamlash, ularni kasbga o‘qitishga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.

Hokimliklar, mahallalar, tibbiy muassasalar, jumladan, «SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari» uyushmasi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bugungi kunda uyushma tomonidan Toshkent, Samarqand va Urganch shaharlarida amalga oshirilayotgan dasturlarga muvofiq, 200 nafardan ziyod bola yangi oilasini topdi. Vasiylikdan chiqqan yigit-qizlar uyushma qoshidagi uchta Yoshlar uyida mustaqil hayotga tayyorlanmoqda. Oilalarda tarbiyalanayotgan 500 nafardan ortiq bola moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlanmoqda. 

"Seminarda mamlakatimizdagi bolalarni ijtimoiy himoya qilishga mas'ul jamoat tashkilotlari va tuzilmalar bilan hamkorligimizni yanada mustahkamlashga kelishib oldik. Yagona jamoa bo‘lib ishlasak, har bir bolani hech kimdan kam bo‘lmagan shaxs etib tarbiyalashda salmoqli natijalarga erishamiz", – deydi «SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari» uyushmasi dasturlarini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchi Gulchehra Nig‘matjonova. 

Top