08:03 / 18.05.2015
3230

Dmitriy Shokin Chelyabinsk shahrida taekvondo bo‘yicha jahon chempionatida oltin medal oldi

17 may kuni Rossiyaning Chelyabinsk shahrida Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionati bahslari doirasida yana ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi sovrindorlar safidan joy oldi.

Ushbu jahon chempionatida dunyoning 141 davlatidan kelgan eng kuchli dayan ustalari g‘oliblik va shu bilan birga Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarining muhim reyting ochkolari uchun bahs olib borishyapti.

O‘zbekiston taekvondo WTF tarixida ilk oltin medal qo‘lga kiritildi. +87 kg vazn toifasida dayanga chiqqan Dmitriy Shokin barcha raqiblarini yengib, jahon chempioniga aylandi. U hal qiluvchi final bellashuvida London-2012 Olimpiadasi chempioni bo‘lgan gabonlik sportchini mag‘lubiyatga uchratdi. Asosiy vaqtda 10:10 hisobi qayd etildi. Qo‘shimcha vaqtda Shokin aniq zarba bilan raqibini mag‘lub etdi.

Eslatib o‘tamiz, Shokin finalga qadar avvaliga yamaykalik Jyeyson Grantni 31:1, keyin italiyalik Leonardo Basileni (8:2) , chorak finalda germaniyalik Volker Vodzixni (11:2), yarim finalda kubalik taekvondochini dog‘da qoldirgandi.

-87 kg vazn toifasida yurtimiz sport sharafini himoya qilgan Jasur Boyqo‘ziyev esa final jangida ozarbayjonlik azaliy raqibiga kichik farq bilan imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan taqdirlandi.

O‘z vazn toifasida dunyoning birinchi raqamli taekvondochisi bo‘lib turgan Boyqo‘ziyev finalga qadar serbiyalik Milosh Golubovichni (8:2), italiyalik Karlo Molfettani (9:5), chorak finalda meksikalik Misael Lopesni (3:2) hisobida mag‘lub etgandi. U yarim final bellashuvida rossiyalik Vladislav Larinni ham yengdi.

Ayni vaqtdaO‘zbekiston terma jamoasi hisobidagi medallar soni 3taga yetdi. O‘zbekistonliklar orasidan birinchi bo‘lib bahslarga kirishgan Nikita Rafalovich -74 kg vazn toifasida finalga qadar yetib borib, kumush medal bilan taqdirlangan edi. 18 may kuni o‘tkaziladigan musobaqaning so‘nggi kunida Maksim Rafalovich o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazadi.

Top