16:44 / 18.05.2015
7711

Qozog‘istonda Qizil kitobga kiritilgan 10 ming sayg‘oq nobud bo‘ldi

Qozog‘istonning Qo‘stanay viloyati hududidagi dashtlarda Qizil kitobga kiritilgan sayg‘oqlarning qirilib ketishi holati yuz berdi. Bu haqda respublika qishloq xo‘jaligi saytida ma'lum qilingan.
Ma'lum qilinishicha, 10 ming gektar maydonda 10 mingga yaqin jonivor halok bo‘lgan.
Veterinariya markazlari xodimlarining ma'lum qilishicha, sayg‘oqlarning o‘limiga pasterellyoz xastaligi (virusli kasallik) sabab bo‘lgan.
Ayni vaqtda maxsus shtab tashkil etilib, nobud bo‘lgan jonivorlarning jasadlarini yig‘ib olish ishlari o‘tkazilmoqda.
"Shu paytgacha 5,3 mingdan ortiq sayg‘oq jasadi yig‘ib, yo‘q qilindi. Oxirgi kunlarda kuzatilgan noqulay ob-havo sharoitlari bu ishga xalaqit bermoqda. Tozalash ishlariga 458 nafar xodim hamda 21ta maxsus texnika jalb qilingan", deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati tarqatgan xabarda.
Ma'lumot uchun, sayg‘oqlar Yevroosiyo bo‘ylab keng tarqalmagan, asosan Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Rossiya va Mo‘g‘uliston hududlarida yashaydi. 2013 yilgi ma'lumotlarga ko‘ra, bu hududlar bo‘ylab 50 mingga yaqin sayg‘oq og‘ir sharoitlarda yashayotgani aniqlangandi.
Oxirgi yillarda bu turga mansub jonivorlarning ko‘p miqdorda halok bo‘lishi ko‘p marta kuzatiladigan bo‘ldi. Qozog‘iston hududida 2010 yilda 12 mingdan ortiq, 2012 yilda mingga yaqin, 2013 yilning sentabrida esa pasterellyoz xastaligidan 1500 dan ortiq sayg‘oq nobud bo‘lgan.

Top