03:33 / 19.05.2015
2899

Kapello Rossiya futbolining muammolari haqida o‘z fikrlarini bildirdi

Rossiya terma jamoasining bosh murabbiyi Fabio Kapello Rossiyadagi futbolning rivojlanishiga nimalar to‘sqinlik qilayotgani haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Menimcha, Rossiyadagi hamkasblarimda ko‘pincha tarkibga yosh, istiqbolli o‘yinchilarni qo‘yish istagi yoki imkoniyati yo‘q. Mana, misol uchun Angliyada men 4 yil ichida terma jamoaga 20 yoshgacha bo‘lgan 12 nafar futbolchini jalb qila olganman. Rossiyada, afsuski, Premer-liga jamoalarining asosiy tarkibida o‘ynaydigan yosh futbolchilar deyarli yo‘q. Bir narsani tushuna olmayman, nima uchun Rossiyadek katta davlatda yetarli miqdorda sport maktablari mavjud emas. Tushunaman, ularga xizmat ko‘rsatish uchun futbol tizimida ishlagan katta miqdorda professionallar bazasi kerak. Bunga Krasnodardagi futbolchilarni tayyorlash markazi o‘rnak bo‘la oladi. Bu shaharda men ko‘rgan dunyodagi eng yaxshi markaz joylashgan bo‘lsa kerak. Unda barcha narsa hisobga olingan. Tasavvur qilib ko‘ring: unda akademiyada tarbiyalanuvchi o‘z farzandlari bilan aloqa qilib tura olishi uchun ota-onalarga mo‘ljallangan mehmonxona bor.

Men Rossiyada futbolchilarni tayyorlovchi bunday ajoyib markaz borligidan faxrlanaman. Biroq bunday markazlar butun Rossiya bo‘ylab bo‘lishini, unda esa bolalardan yaxshi futbolchilarni tayyorlay oladigan yaxshi mutaxassislar ishlashlarini istardim. Boshqa o‘rnak bo‘ladigan misollar ham bor. Misol uchun, Xitoyda boshlang‘ich sinflardanoq o‘quv dasturiga futbol majburiy o‘qitiladigan fan sifatida kiritilmoqda. Rossiyada iste'dodli yoshlar bor. Ayni paytda 17 yoshli o‘smirlar o‘rtasida 2015 yilgi Yevropa chempionatining final bosqichi davom etmoqda, u yerda Rossiya o‘smirlar jamoasi ham to‘p surmoqda. Mana shu yerdan milliy terma jamoaning kelajagini izlashimiz kerak”, deb aytdi Kapello.

Top