07:12 / 20.05.2015
2064

ESKATO tomonidan tayyorlangan yillik sharhning taqdimoti o‘tkazildi

Iqtisodiy tadqiqotlar markazida BMTning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) tomonidan tayyorlangan yillik sharhning taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida mamlakatning har tomonlama barqaror rivojlanayotgani, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda erishilayotgan yutuqlar xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib baholanayotgani alohida ta'kidlandi. 

Buyuk Britaniyadagi “Legatum” xalqaro instituti 2014 yilning 4 noyabrda Dunyo mamlakatlarining farovonlik indeksini e'lon qilgandi. Sayyora aholisining 96 foizi va jahon yalpi mahsulotining 99 foizini qamrab olgan bu reytingda O‘zbekiston 142 mamlakat orasida 57-o‘rinni egalladi. Joriy yilda BMT ko‘magida AQShning Kolumbiya universiteti sotsiologlari tomonidan o‘tkazilgan “Dunyoning eng baxtli mamlakatlari” reytingida 158 mamlakat orasida O‘zbekiston 44-o‘rinda, (MDH davlatlari o‘rtasida esa birinchi o‘rinda) qayd etildi. 

Ta'kidlanishicha, O‘zbekiston Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni to‘la amalga oshirmoqda. Xususan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya, aholining iqtisodiy farovonligini ta'minlash, samarali davlat boshqaruvi va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohalarda qator qo‘shma loyihalar bajarildi. Bugungi kunda BMT organlari yurtimizdagi idora va tashkilotlar bilan birgalikda hamkorlik dasturining 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqmoqda. 

O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish sur'atlari keyingi o‘n yil davomida 8 foizdan ziyod bo‘lib kelmoqda. O‘tgan yili mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 8,1 foiz oshdi. Joriy yilda ham shunday yuksak sur'atlarga erishilishi kutilmoqda. Iqtisodiyot, ta'lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya kabi sohalarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar aholi farovonligi va turmush darajasini muttasil oshirishga xizmat qilmoqda. 

ESKATOning yillik sharhida bu jihatlar alohida qayd etilgan. 

Tadbirda Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi iqtisodiy va ijtimoiy holatga oid ma'ruza tinglandi.

Top