09:24 / 21.05.2015
4107

Moskva metrosida yo‘lovchilarga “Olma-ota” bekatiga yetilganini Jirinovskiy e'lon qiladi

Rossiya Liberal-demokratik partiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiy Moskva metrosining “Olma-ota” bekatini e'lon qiladigan bo‘ldi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.

Vladimir Jirinovskiy Olma-otada tug‘ilib, u yerda 18 yoshigacha yashaganligi uchun “Olma-ota” stansiyasini tanladi.

“Miyada har bir bekatda aytiladigan e'lonlar, vagonlar eshiklaridagi yozuvlar muhrlanib qolgan. Bu barchaga ma'lum narsalar, biroq ularni yana bir eslatib qo‘yish zarar qilmaydi”, deb aytdi Rossiya Davlat dumasi vitse-spikeri Jirinovskiy hamda yo‘ldagi vaqtni foydali o‘tkazish – suhbatlashib, odamlarning kayfiyatlarini ko‘tarish kerakligini aytdi.

“Men metroda yurganimda o‘zimni yaxshi his qilardim. Mashinada ketayotganingda qarshingdan kelayotgan avtomobillar, aylanib o‘tishlar bo‘ladi, hamma narsa ko‘z o‘ngingda jimirlab ketadi”, deb qo‘shimcha qildi Jirinovskiy.

Hozirda Moskva metrosining turli yo‘nalishlarida bekatlar nomlarini Nikita Mixalkov, Yekaterina Andreyeva, Armen Jigarxanyan va boshqa taniqli insonlar e'lon qilib kelishadi.

2011 yilda Moskva hukumati Moskva metrosining yangi qurilayotgan “Brateyevo” bekati nomini Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik hamda Olma-ota shahri metrosida “Moskva” metrosi paydo bo‘lishi hisobga olinib, “Olma-ota” deya o‘zgartirishga qaror qilgan edi. Bekatga “Olma-ota” deb nom berilishi mahalliy aholining noroziligiga sabab bo‘lgan, ular hattoki bir nechta norozilik piketlarini ham uyushtirishgan. O‘shanda Jirinovskiy Moskva bekatida “Olma-ota” stansiyasining ochilishini qo‘llab-quvvatlagan edi. Bekat 2012 yilning 24 dekabrida ochilgan.

Top