12:04 / 21.05.2015
3275

Qarshi shahrining halqa yo‘lida yana bir yirik obekt qurilmoqda

Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahrining halqa yo‘lida yana bir yirik obekt qurilmoqda. Bu haqda "Telegraf.uz" nashri xabar bergan.

Mazkur ko‘prik Qarshi - Toshguzar - Qum-qo‘rg‘on temir yo‘lining ustidan o‘tadigan yo‘l o‘tkazgich hisoblanadi, shuningdek bu obekt halqa yo‘lini A-380 avtomagistralining 43-kilometri bilan har tomonlama bog‘lovchi rishta ham bo‘ladi. Ko‘prikning avtomagistral va temir yo‘l ustidan o‘tgan qismi uzunligi 108 metr, eni 30 metrni tashkil etadi. Yo‘ldan balandligi esa 7,8 metrdan iborat.

Ko‘prik G‘uzordan va Qarshidan A-380 avtomagistrali orqali kelib, halqa yo‘liga chiqib olish va aksincha yo‘nalishga o‘tish imkonini beradi. Ayni paytda shu obektning va halqa yo‘lining bir bo‘lagi bo‘lgan Fayzobod arig‘i ustidan o‘tadigan ko‘prik qurib bitkazildi. Fayzobod arig‘ining ustidan o‘tgan yana bir ko‘prik, Qarshi – Toshguzar temir yo‘lining 6-kilometridagi yo‘l o‘tkazgich ham kattalashtiriladi. Bu ishlarni bajarish uchun 39 milliard 750 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘prik ustiga mustahkam plitalar o‘rnatilgan. Mutaxassislarning ma'lum qilishicha, plitalar ustidan 4 santimetr qalinlikda beton yotqiziladi, keyin esa 2 qavat izolyatsion to‘shama to‘shaladi. Keyin armaturali to‘r bilan yana 3 santimetr beton yotqizib, so‘ngra u 7 santimetr qalinlikda asfalt qilinadi.

Top