14:38 / 21.05.2015
9389

Toshkentdagi 91-maktab o‘quvchilarining ota-onalaridan asossiz ravishda pul yig‘ilayotgani haqidagi xabarga raddiya yozildi

19 may kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi 91-maktabda o‘quvchilarning ota-onalaridan asossiz ravishda pul yig‘ilayotgani haqida shikoyat kelib tushgani xabar qilingandi.

21 may kuni Kun.uz tahririyatiga 91-maktabning 1 "V" sinf o‘quvchisi Muhammadjonova Zilolaning dadasi Bobojonov Yoqubjon murojaat qildi va "Toshkentdagi maktablardan birida o‘quvchilarning ota-onalaridan asossiz ravishda pul yig‘ilayotganidan shikoyat tushdi" nomli xabarga yuqorida nomi keltirilgan maktabning 1-sinf o‘quvchilari ota-onalari nomidan raddiya berilishini ma'lum qildi.

"Assalomu alaykum! Kun.uz saytida 19.05.2015 da quyidagi linkda e'lon qilingan, "Toshkentdagi maktablardan birida o‘quvchilarning ota-onalaridan asossiz ravishda pul yig‘ilayotganidan shikoyat tushdi" nomli, asli uz24.uz saytiga tegishli xabar bo‘yicha 91-maktab direktori biz ota-onalar bilan majlis o‘tkazdi. Majlis davomida shikoyatdagi ma'lumotlar asossiz ekani aniq bo‘ldi. Buni o‘sha majlis protokolida batafsil bayon qilib qo‘yildi. Majlisga kelgan hamma ota-ona protokolga qo‘l qo‘ygan. Agar shunday muammo bor bo‘lganida hech kim kechagi majlisda jim turmasdi. Jumladan, o‘zim ham jurnalist sifatida birinchi bo‘lib muammoni ko‘tarib chiqqan bo‘lardiv. Shikoyat-xabarning asl manbasi bo‘lgani uchun raddiyani uz24.uz saytiga jo‘natdik. Kun.uz yangiliklarga mo‘ljallangan saytlar orasida eng xolis va eng jur'atlisi bo‘lgani sababli mazkur raddiyani SIZga ham jo‘natishga qaror qildik. Iltimos, agar ma'qul topsangiz shu raddiyani saytingizda e'lon qilsangiz. Oldindan rahmat!", deb yozadi murojaat qiluvchi.

R A D D I Ya

"Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Jamoatchilik nazorati” guruhi ishtirokchilaridan biridan guruhga Yakkasaroy tumanidagi 91-maktabda o‘quvchilarning ota-onalaridan asossiz ravishda pul yig‘ilayotgani haqida shikoyat kelib tushgan bo‘lib, unda maktabda ta'lim muassasasi “ehtiyojlari”ga pul yig‘ish holatlari ko‘payib ketgani xabar qilingan. Jumladan, murojaat qilgan ayol ota-onalardan nima maqsadlarda pul yig‘ilayotgani ko‘rsatilgan ro‘yxatni keltirib o‘tgan.
Biz 91-maktabning 1 “A”, 1 “B”, 1 “V” hamda 1 “G” o‘quvchilari ota-onalari shuni ma'lum qilamizki, ushbu shikoyatda keltirilgan ma'lumotlar asossizdir. 
Jumladan, shikoyatchi ayol ta'kidlaganidek, maktabni ta'mirlash uchun har bir o‘quvchidan 35 ming so‘mdan YIG‘ILMAGAN. 

Shuningdek, 1-sinfning bitiruv imtihoniga har bir o‘quvchidan 25 ming so‘mdan pul yig‘ilishi ham haqiqatga umuman to‘g‘ri kelmaydi.

Bundan tashqari, har oyda maktab fondi uchun har bir boladan 15 ming so‘mdan yig‘ilayotgani shikoyatda ta'kidlangan. Bu pul miqdori ham voqelikka to‘g‘ri kelmaydi. Biz maktab fondi uchun emas, o‘z farzandlarimizning gigiyenik vositalari va boshqa hojatlari (ichimlik suvi, qog‘oz, ruchka, daftar) uchun har oyda ma'lum miqdorda pul yig‘ib beramiz. Pullar ota-onalar kengashi raisi tomonidan to‘planib, o‘z o‘rniga sarflanishi nazorat qilib boriladi. Bu mablag‘ning yig‘ilishi hamma ota-onalar roziligi bilan amalga oshirilib, unga na sinf rahbari va na maktab direktori aralashadi.

Shikoyatda keltirilgan “1-sinf o‘quvchilari bitiruv oqshomiga har bir o‘quvchidan 40 ming so‘mdan pul yig‘ilmoqda” degan da'vo esa umuman aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Sababi 1-sinfda hech qanday bitiruv oqshomi bo‘lmasligi hammaga ma'lum. “Bitiruv oqshomlari” asosan maktabni bitirib ketayotgan o‘quvchilar orasida o‘tkaziladi. 1-sinflar esa maktabga endi qadam qo‘ygan o‘quvchilardir.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ushbu shikoyatni yozgan ayol avvalo o‘z farzandi qaysi sinfda, qaysi sinf rahbari qo‘lostida ta'lim olishini ochiq-oydin ma'lum qilmagan. Bu esa uning niyati sof va maqsadi beg‘araz ekanini shubha ostiga oladi. 

Shuningdek, u tomonidan keltirib o‘tilgan ma'lumotlar mutlaqo asossiz bo‘lib, biz 91-maktabning 1-sinf o‘quvchilari ota-onalari bu kabi holatlar – ortiqcha pul yig‘imlari ushbu maktabda sodir bo‘lmayotganini Sizga ma'lum qilamiz". 

91-maktabning 1-sinf o‘quvchilari ota-onalari nomidan 1 "V" sinf o‘quvchisi Muhammadjonova Zilolaning dadasi Bobojonov Yoqubjon.

Top