20:49 / 21.05.2015
2500

Xitoylik roxib maishiy texnika sotib olish uchun qoplarga solingan 220 mingta chaqa pul sarfladi

Shanxaydagi maishiy texnika sotuvchi do‘konlardan biriga noodatiy xaridor – bir nechta qopga solingan “chaqalar” uyumiga ega bo‘lgan buddaparast roxib tashrif buyurdi. Roxib 220 mingdan ortiq chaqa pul to‘lab, o‘zining ibodatxonasiga suv isituvchi uskunalardan bir nechtasini sotib oldi. Bu taajjublanarli hodisa haqida South China Morning Post gazetasi xabar berdi.

Umumiy og‘irligi 716 kg keladigan bu chaqalarni hisoblash uchun 13 soat talab etildi. Biroq bu vaziyat do‘kon ma'muriyatini g‘aflatda qoldirmadi. Chunki mijoz avvaldan bir nechta do‘konlarga qo‘ng‘iroq qilib, bunday usulda to‘lovni amalga oshirish imkoniyati mavjudligini so‘ragan. Faqatgina bittagina do‘kon unga peshvoz chiqqan va u bilan bitim tuzishga qaror qilgan. Bitimni rasmiylashtirish uchun yaqin oradagi bank xodimlari taklif qilindi.

1 tszyao (2 AQSh sentiga yaqin) qiymatidagi chaqalar ibodatxonaga tashrif buyuruvchi dindorlarning ko‘p yillik ehsonlari hisobiga yig‘ilib qolgan. Bu pullarga ibodatxona 16 ta suv isitgich sotib oldi. Pullarga javob beruvchi roxib do‘konda unga ko‘rsatilgan e'tiborni yuqori baholab, kelasi safar yangi “chaqalar uyumi” bilan konditsionerlar sotib olish yana do‘konga kelishga va'da berdi.

Top