18:43 / 22.05.2015
2546

Korean Air rahbarining qizi sud tomonidan ozod qilindi

Korean Air kompaniyasi prezidentining sobiq o‘rinbosari, prezidentning qizi Cho Xen A qamoqdan ozod qilindi. “Russkaya gazeta”ning xabar berishicha, ayol bort kuzatuvchilarini haqorat qilib, parvozga tayyorlanayotgan laynerni ortga qaytargani tufayli bir yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
Seul Oliy sudi ilgarigi hukmini biroz yumshatishga qaror qildi. Endilikda Cho xonim 10 oylik shartli jazoga hukm qilindi. Ayni paytda u hibsning 143 kunini panjara ortida o‘tkazib ulgurgan edi. Ayblovning asosiy punkti layner kursini o‘zgartirish bilan bog‘liq edi – Koreyada buning uchun 1 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Sud Cho xonimni bu punkt bo‘yicha aybsiz deb topdi.

Bundan tashqari, ikki egizakning onasi bo‘lmish ayol besh oy qamoqda o‘tirgani va bu muddat ichida o‘z qilmishidan afsuslangani e'tiborga olindi.

Voqea 2014 yilning 5 dekabr kuni sodir bo‘lgan edi. Kompaniya rahbarining qizi Nyu-York-Inchxon laynerida ketayotgan edi. Styuardessa uning oldiga sho‘r yong‘oq solingan paketni qo‘ygani Cho xonimga yoqmadi – uning fikricha, yong‘oqlar likopchada olib kelinishi kerak edi. Shu bois u styuardessani haqorat qilib, unga qo‘l ko‘targan va laynerni terminalga qaytishga majbur qilgan.
Styuardessa sobiq rahbari ustidan arz qilgani bois u sudga tortilgan va 1 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Top