00:07 / 22.05.2015
2593

Moskvaning “Lokomotiv” klubi oltinchi marotaba Rossiya kubogini qo‘lga kiritdi

Astraxanning “Tsentralnyy” o‘yingohida Moskvaning “Lokomotiv” va Krasnodarning “Kuban” klublari o‘rtasida futbol bo‘yicha Rossiya kubogining final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv 3:1 hisobida “Lokomotiv”ning g‘alabasi bilan yakunlandi.

Krasnodar jamoasi o‘yinning 28-daqiqasida hisobni ochdi: Vladislav Ignatev aniq zarba bilan o‘zining sobiq jamoasi darvozasini ishg‘ol etdi. “Temiryo‘lchilar” hisobni 73-daqiqada Bayye Umara Niasse goli evaziga tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Final uchrashuvining g‘olibini aniqlash uchun qo‘shimcha 30 daqiqa talab etildi. Bu vaqt davomida “Lokomotiv” “Kuban”ning darvozasini ikki bor ishg‘ol etdi: 104-daqiqada Mbark Bussufa, zaxiradan o‘yinga tushgan Aleksey Miranchuk esa 111-daqiqada hisobni oshirishga muvaffaq bo‘lishdi.

“Lokomotiv” Rossiya kubogini 2007 yildan beri ilk marta va o‘z tarixida 6-chi marotaba qo‘lga kiritdi.

Qayd etish joiz, “Lokomotiv” safida to‘p suruvchi hamyurtimiz Vitaliy Denisov uchrashuvning boshidan oxirigacha – 120 daqiqa davomida maydonda harakat qildi.

Lokomotiv (Moskva) – Kuban (Krasnodar) – 3:1

Gollar: Ignatev, 28 (0:1); Niasse, 73 (1:1); Bussufa, 104 (2:1); Miranchuk, 111 (3:1).

“Lokomotiv”: Gilerme, Logashov, Peychinovich, Chorluka, Denisov, Samedov, Shishkin, Fernandesh (Miranchuk, 71), Bussufa, Kasayev (Maykon, 108), Pavlyuchenko (Nyass, 64).

“Kuban”: Belenov, Sosnin, Armash, Shunich, Bugayev, Ignatev (Kulik, 105), Rabiu, Kabore, Popov, Tkachev (Bukur, 80), Almeyda (Balde, 69).

Top