09:46 / 22.05.2015
3618

Toshkentda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhining 22-yalpi majlisi boshlandi

Toshkent shahrida 21 may kuni Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhining 22-yalpi majlisi boshlandi

Bugungi kunda terroristik tuzilmalar sharoitlar o‘zgarishiga tez moslashib, o‘z faoliyatini moliyalashtirishning yangi yo‘llarini topmoqda. Bu esa jahon hamjamiyatidan o‘z vaqtida samarali choralarni ko‘rish, ularning yo‘liga to‘siq qo‘yish uchun sa'y-harakatlarni birlashtirishni talab etmoqda.

Shu maqsadda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishda moliyaviy choralarni ishlab chiquvchi xalqaro hukumatlararo guruh faoliyat ko‘rsatmoqda. Sakkizta mintaqaviy guruhni o‘z tarkibida birlashtirgan ushbu yagona xalqaro tarmoq jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasida global standartlarni ishlab chiqadi, milliy tizimlarning mazkur standartlarga muvofiqligini ta'minlaydi.

2004 yilda Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi tashkil etilgan edi. Unga mintaqaning 9 davlati, jumladan, O‘zbekiston a'zo bo‘lgan. Yana 14 mamlakat, 18 xalqaro va mintaqaviy tashkilotga guruhda kuzatuvchi maqomi berilgan. 

Shu kunlarda poytaxtimizda ushbu tashkilotning navbatdagi yalpi majlisi o‘tkazilmoqda. 

Majlisda Yevroosiyo guruhiga a'zo davlatlar va kuzatuvchilar delegatsiyalari, jumladan, Pul mablag‘larini o‘zlashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruh, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi, MDH Aksilterror markazi, YeXHT vakillari, shuningdek, Italiya, Polsha, AQSh, Fransiya va Chernogoriyadan ekspertlar ishtirok etmoqda. 

Majlisni Yevroosiyo guruhi raisi Ajay Tyagi (Hindiston) boshqarmoqda. 

Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.Abdullayev, Hindiston Respublikasi moliya vazirining birinchi o‘rinbosari R.Mexrishi va boshqalar so‘zga chiqdi. 

Yevroosiyo guruhi tomonidan katta ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Tashkilotga a'zo barcha davlatlarda bu borada zarur huquqiy asoslar yaratilib, moliyaviy razvedka institutlari tashkil etildi.

Majlisda istiqlol yillarida O‘zbekistonda jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha milliy tizimni takomillashtirishga doir salmoqli ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. 

2004 yilning avgustida O‘zbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan. 2009 yilda ushbu qonunchilik hujjati xalqaro standartlar hisobga olingan holda yangi tahrirda qabul qilingan. Prezidentimiz Islom Karimovning 2006 yil 21 apreldagi “Moliya-iqtisodiy, soliq sohasidagi jinoyatlarga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi yana bir muhim hujjat hisoblanadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti ushbu sohani tartibga soladigan maxsus davlat vakolatli organi hisoblanadi. Uning tarkibida moliyaviy tahlil, tezkor-qidiruv faoliyati va tergov bo‘limlari ish yuritmoqda. Bu esa bir idora doirasida shubhali moliyaviy operatsiyalar haqida ma'lumot olish, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish va jinoiy ish qo‘zg‘atish imkonini bermoqda.Yevroosiyo guruhining yalpi majlisida mazkur departament bu borada faol ishlarni olib borayotgani qayd etildi. 2011 yilda imzolangan Yevroosiyo guruhi to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirishda mamlakatimizning vakolatli organi hisoblangan ushbu departament hamkor tashkilotlar bilan axborot almashishni sezilarli darajada faollashtirdi. Masalan, 2011-2014 yillarda idora tomonidan xorijiy huquqni muhofaza qilish organlari va moliyaviy razvedka bo‘limlarining 128 so‘rovi ko‘rib chiqildi. Shu davrda chet davlatlarning vakolatli organlariga o‘ttizdan ziyod shunday so‘rov yuborildi. Umuman olganda, Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti o‘ttizdan ortiq davlatning bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan organlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. 

"Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bugungi kunda jahon miqyosidagi dolzarb muammo bo‘lib, global yechimlar va xalqaro hamkorlikni talab etmoqda. O‘zbekiston ushbu ishlarda faol ishtirok etib, pul mablag‘larini o‘zlashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruh, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va boshqa xalqaro moliya institutlari bilan samarali hamkorlik qilmoqda", – deydi moliyaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha xalqaro strategik maslahatchi Juzeppe Lombardo (Italiya). 

Ta'kidlash joizki, yetakchi xalqaro tashkilotlar mamlakatimizning jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha tizimi samaradorligini e'tirof etmoqda. Bazel boshqaruv institutidek nufuzli tashkilot O‘zbekistonni Italiya, Ispaniya, Kanada, Janubiy Koreya va AQSh kabi mamlakatlar qatorida noqonuniy pul o‘zlashtirish xavfi eng kam davlatlar guruhiga kiritgan.

Yevroosiyo guruhi yalpi majlisida ushbu guruh faoliyati samaradorligini yanada oshirish, mintaqa davlatlari va tegishli xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni kengaytirish, tashkilot tarkibiga yangi a'zolarni qabul qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Pul mablag‘larini o‘zlashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha milliy tizimlarni takomillashtirish maqsadida ilg‘or xalqaro va milliy tajriba o‘rganib chiqildi. Tashkilot guruhlari tomonidan ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar, kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar ham muhokama etildi. 

"Yalpi majlis yuksak saviyada tashkil etilgani va samarali o‘tayotganini ta'kidlamoqchiman. Ham mintaqaviy, ham jahon miqyosida katta ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu tadbir Yevroosiyo guruhi a'zolari va kuzatuvchilariga bu borada tajriba almashish bo‘yicha katta imkoniyat bermoqda", – dedi Fransiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Sara Sherion. 

Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhining 22-yalpi majlisi ochiqlik va o‘zaro ishonch, dolzarb masalalar yuzasidan amaliy fikr almashish ruhida o‘tmoqda. 

Top