13:27 / 23.05.2015
7604

Xorijiy valyutani noqonuniy aylantirish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh jazoga tortildi

O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan xorijga katta miqdorda chet el valyutasini olib chiqish bilan shug‘ullangan guruhning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi. Jinoiy guruh xalqaro plastik kartalar bilan firibgarlik qilgan.

2013 yilning 1 fevralidan Respublikamizda xorijiy valyutani jismoniy shaxslarga naqdsiz pul ko‘rinishida xalqaro plastik kartalardan foydalangan holda sotish tartibi joriy qilindi. Naqd xorijiy valyuta muoamalasini soddalashtirishga qaratilgan ushbu mexanizm valyuta-ayirboshlash jarayonlarini amalga oshirishga imkoniyat beradi hamda aholi tomonidan shaxsiy bank kartalaridagi naqdsiz pul mablag‘lariga xorijiy valyutani sotib olish jarayoninini yengillashtiradi.

Jinoiy ish ma'lumotlariga ko‘ra, yuqoridagi “ishning ko‘zini biladigan” poytaxtlik bir guruh shaxslar, ya'ni 1989 yilda tug‘ilgan, hech qayerda ishlamaydigan Mahkamjon Mirzalimov Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining filiallaridan birining bo‘lim boshlig‘i Saidakmal Usmonov bilan jinoiy til biriktirgan holda, o‘zlarining jinoiy faoliyatlariga toshkentlik yana 3 kishini jalb qildi. Ushbu shaxslar ma'lum pul evaziga xoirijiy valyutada hisob raqami ochishga rozi bo‘ladigan odamlarni qidirish bilan shug‘ullangan. Shu tariqa jinoyatchilar umumiy hisobda 66 ming dollarlik 33 ta xorijiy valyuta plastik kartalarini rasmiylashtirishga muvaffaq bo‘lgan.

Mirzalimovning ko‘rsatmalariga ko‘ra, u ushbu plastik kartalardagi pullarni naqdlashtirishi va O‘zbekistonda qayta sotish uchun mahsulotlar sotib olishi kerak bo‘lgan Turkiyadagi tanishiga jo‘natishi kerak bo‘lgan.

Plastik kartalar jinoyatchilar tomonidan Turkiyaga uchib ketmoqchi bo‘lgan tasodifiy yo‘lovchilar orqali jo‘natilmoqchi bo‘lganda “Toshkent” xalqaro aeroportida musodaraa qilindi.

Toshkent shahri Sirg‘ali tumani sudi tomonidan ushbu jinoyatning 5 ishtirokchisi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 177-moddasi (xorijiy qiymatliklarni noqonuniy sotib olish va sotish), 28- va 209-moddalari (mansabidan yoki xizmat vakolatidan foydalanish) bo‘yicha aybdor deb topildi. Ayblanuvchilarga nisbatan eng kam ish haqining 110 dan 200 barobarigacha jarima solindi.

Top