08:53 / 25.05.2015
1540

Alenichev Moskvaning “Spartak” klubi bosh murabbiyi lavozimiga asosiy nomzod sanalmoqda

Moskvaning “Spartak” futbol klubi rahbariyati Tulaning “Arsenal” klubi bosh murabbiyi Dmitriy Alenichevni klub bosh murabbiyi lavozimiga asosiy nomzod sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda bir-biri bilan bog‘liq bo‘lmagan bir nechta manba xabar berdi.

“Alenichev – bosh murabbiy lavozimiga asosiy nomzod. Uning nomzodini klub prezidenti lavozimini egallashi mumkin bo‘lgan Oleg Romantsev qo‘llab-quvvatlamoqda”, deb aytdi manbalardan biri.

Klubning hozirgi bosh murabbiyi Murod Yakin joriy mavsum tugagach klubni tark etadi. Bu “Spartak”ning qoniqarsiz natijalari bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Hozirda “Spartak” Rossiya chempionatida 29 ta o‘yinda 43 ochko jamg‘arib, 6-o‘rinni egallamoqda. Klub keyingi mavsumda o‘tkaziladigan yekrokubok musobaqalarida ishtirok etish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Yakin bilan amaldagi shartnoma 2016 yilning yozigacha mo‘ljallangan.

Hozircha “Spartak” Alenichevga rasmiy taklif bildirmagan. Avvalroq “Arsenal” prezidenti Petr Koshelnikov Alenichev bu borada aniq takliflarga ega emasligini aytgan edi. Shu bilan birga, agar murabbiyga o‘z oldiga Rossiya chempionatida yuqori vazifalarni qo‘yuvchi jamoadan taklif bildirilsa, u Alenichevni jamoada olib qolishga urinmasligini aytgan.

Ma'lumot uchun, Alenichev futbolchi sifatida 1994-1998 va 2004-2006 yillar mobaynida “Spartak” safida to‘p surgan. 1997 yilda u Rossiyaning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan. Uning murabbiyligi ostida “Arsenal” klubi havaskorlar ligasidan 2-divizionga, undan Milliy futbol ligasiga ko‘tarilgan hamda 2014 yilda esa o‘z tarixida birinchi marta Rossiyaning oliy ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan. Joriy mavsumda Alenichev jamoasi musobaqa jadvalida 29 ta o‘yindan 25 ochko to‘plab, oxirgi 16-o‘rinni egallab turibdi.

Top