10:24 / 25.05.2015
1784

Oleg Romantsev Moskvaning “Spartak” klubi prezidenti lavozimiga asosiy nomzod sifatida e'tirof etilmoqda

Moskvaning “Spartak” klubi egasi Leonid Fedun klubda prezident lavozimini joriy etmoqchi. Oleg Romantsev bu lavozimga asosiy nomzod hisoblanmoqda. Bu haqda bir nechta manba ma'lum qilgan.

Manbalardan birining aytishicha, avvalgidek klub direktorlari kengashi bosh boshqaruvchi organ bo‘lib qoladi. Romantsevning ushbu lavozimga tayinlashi bo‘yicha yakuniy qaror iyun boshida klubning direktorlari kengashi majlisida qabul qilinadi.

Hozirda 61 yoshli Oleg Romantsev joriy yilning fevral oyida tashkil etilgan “Spartak”ning vasiylik kengashi a'zosi hisoblanadi.

21 mayda “Spartak” direktorlari kengashi raisi Leonid Fedun klub boshqaruvidan ketishini, biroq jamoani moliyalashtirishda davom etishini ma'lum qildi.

Ma'lumot uchun, Oleg Romantsev 1989-1995 va 1997-2003 yillar davomida “Spartak” bosh murabbiyi bo‘lgan. Uning murabbiyligi ostida “qizil-oqlar” bir martadan Sobiq ittifoq chempionati va Kubogini, 8 karra Rossiya chempioni unvonini va 3 marta Rossiya Kubogini qo‘lga kiritgan. 1990-yillarning o‘rtalaridan 2002 yilgacha Romantsev jamoa prezidenti lavozimini egallagan hamda jamoaning asosiy aksiyadori hisoblangan.

Top