09:58 / 26.05.2015
4686

Irina Viner-Usmonova Toshkentda otasining ko‘rgazmasi ochilishida ishtirok etdi

24 may kuni Toshkentdagi Kamoliddin Behzod nomidagi Yodgorlik bog‘-muzeyida o‘zbekistonlik mashhur rassom Aleksandr Vinerning (1922-1992) asarlaridan iborat ko‘rgazma ochildi. Ochilish marosimida uning qizi, rossiyalik badiiy gimnastika murabbiyi, jamoat arbobi Irina Viner-Usmonova ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston san'at akademiyasi tomonidan Xalqaro badiiy jamg‘arma ko‘magida tashkil etildi. Ekspozitsiya Vinerning O‘zbekiston davlat san'at muzeyi, San'at akademiyasi badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi, Angren rasmlar galereyasida saqlanuvchi asarlaridan iborat.

Tantanali ochilish marosimida chiqish qilgan Viner-Usmonova xonim ishtirokchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

“Otamni yodda saqlayotganingiz uchun, kelganingiz uchun tashakkur. Otam o‘zbek xalqini juda yaxshi ko‘rardi. U har doim safarlarda yurardi, goh Andijonda, goh Surxondaryoda, goh Bekobod, Angrenda… U rassom edi, oddiy odamlarni chizishni yaxshi ko‘rardi. U birorta partiya yoki hukumat vakilining rasmini chizmagan. San'at va madaniyat arboblarining rasmlarini yaratar edi. Mening otam shunaqa edi”, – dedi u o‘z chiqishida.

Top