21:17 / 27.05.2015
2922

O‘zbekiston-Koreya biznes forumida Ustyurt GKM loyihasining istiqbollari haqida aytildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Abdug‘aniyevichning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 2015 yilning 26 may kuni Seul shahrida O‘zbekiston-Koreya biznes forumi bo‘lib o‘tdi.

Savdo, sanoat va energetika vazirligi tomonidan tashkil etilgan forum ishida Koreya tomonidan 300dan ortiq ishtirokchi, shu jumladan Koreya hukumati, savdo, sanoat va energetika, tashqi ishlar, kommunikatsiyalar, infratuzilma, qurilish va transport, qishloq xo‘jaligi va mintaqaviy taraqqiyot vazirliklari rahbarlari ishtirok etishdi.

Shuningdek, tadbirda Koreya gaz korporatsiyasi, "Lotte group", "Samsung", "LG", "Hyundai", "Hanjin group", "Korean Air", "GM Korea", "GS", "Posko", "Xanva", singari ko‘plab yetakchi koreys kompaniyalari, Eksimbank, Koreya rivojlanish banki, "Koreya ekschendj bank", "Shinxan bank" va boshqa moliyaviy institutlar ham qatnashdi.

Biznes-forumda so‘zga chiqqan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tarmog‘i vakillari O‘zbekistonda ushbu sohaning jadal o‘sish suratlari va katta istiqbollarini ta'kidlashdi.
Xususan, "Lotte Chemical" kompaniyasi prezidenti Xu Su Yong qayd etganidek, "siyosiy va makroiqtisodiy barqarorlik, qulay sarmoyaviy muhit, tabiiy resurslarning salmoqli zaxiralari va zamonaviy rivojlangan infratuzilmaning mavjudligi, O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan har tomonlama ko‘mak Ustyurt GKMni qurish loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishni ta'minlagan muhim omillar bo‘ldi.

"Qator nufuzli xalqaro nashrlar tomonidan neft-kimyo sohasidagi eng yaxshi loyiha va tez rivojlanayotgan bozorlardagi eng yaxshi sarmoyaviy loyiha sifatida e'tirof etilgan bu yuqori texnologik quvvatning qurilishi yaqin muddatlar ichida muvaffaqiyatli tarzda yakunlanishiga hech qanday shubha yo‘q. Bu majmua respublikada jahon bozorlarida katta talab mavjud bo‘lgan, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega yuqori sifatli polietilen, polipropilen va pirolizin mahsulotlarini katta miqyosda ishlab chiqarishni ta'minlaydi", deydi Xu Su Yong.

Top