18:00 / 29.05.2015
2467

AQShda hindistonlik muhojirlarning farzandlari sakkizinchi marta eng savodxon o‘smirlar deb topildi

Vashingtonda har yili an'anaviy tarzda o‘tkaziladigan Spelling Bee savodxonlik tanlovida kelib chiqishi hind bo‘lgan o‘smirlar ketma-ket sakkizinchi bor g‘olib bo‘lishdi, deb xabar bermoqda CNN telekanali.

Tanlovning birdaniga ikki nafar ishtirokchisi – Missuri shtatilik 14 yoshli Gokul Venkatachalam ismli o‘smir bola va Kanzas shtatilik 13 yoshli Vaniya Shivashankar ismli o‘smir qiz 35 ming dollar miqdorida mukofot puli olishdi.

Tanlovning finalida o‘smirlar 25ta murakkab so‘zni harflab aytib bera olishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu berilgan so‘zlardan Vaniyaga oxirgi bo‘lib scherenschnitte (qora qog‘ozdan yasalgan siluet degan ma'noni beradi) va Gokulga nunatak (har tomondan muz bilan qoplangan tog‘ ma'nosini beradi) so‘zlari berildi.

Venkatachalam o‘tgan yili ham bu tanlovda ishtirok etgan va 3-o‘rin bilan kifoyalangan. Vaniya Shivashankarning opasi Kaviya 2009 yildagi tanlov g‘olibi bo‘lgan edi.

Bu yili Spelling bee tanlovi 90-marotaba o‘tkazildi. Unda 283 nafar o‘smir ishtirok etdi.

Top