07:11 / 29.05.2015
2683

Lenovo yashirin displeyga ega “aqlli” soat kontseptini namoyish qildi

Lenovo kompaniyasi tasvirni faqatgina soat egasi ko‘rishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha ekranga ega Magic View “aqlli” soatlarini taqdim qildi.

Magic View soati Lenovo ishlab chiqargan birinchi “aqlli” soat bo‘lib, soat Pekinda bo‘lib o‘tgan TechWorld anjumanida namoyish etildi. Qurilma Android Wear operatsion tizimida emas, balki kompaniyaning o‘zi ishlab chiqqqan Android dasturida ishlaydi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Magic View soatining tashqi ko‘rinishi Moto 360 soatiga o‘xshaydi va unga o‘xshash qalinlikdagi korpusga va yumaloq displeyga ega.

Lenovo soatlarining asosiy ustunligi shundaki, qurilmaning pastki qismida, bog‘ichni mahkamlaydigan joyda qo‘shimcha ekran mavjud. Virtual Interactive Display (virtual interaktiv displey) texnologiyasi asosida bajarilgan ushbu displey maxfiy, faqatgina soat egasi ko‘rishi mumkin bo‘lgan axborotni ko‘rsatish uchun yaratilgan. Undagi tasvir uzoqdan xira bo‘lib ko‘rinadi, biroq soatning egasi uni yuziga olib kelsa, undagi tasvir tiniqlashadi.

Manbalar bergan ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu ekranda bemalol video ko‘rish mumkin. Biroq ularning aytishicha, displey imkoniyatlari yopiq xonada namoyish qilingan va u o‘zini quyoshli joylarda qanday tutishi noma'lumligicha qolgan.

Kompaniyaning ta'kidlashicha, Magic View faqatgina kontsept bo‘lib, sotuvga chiqarilmaydi, biroq unda qo‘llangan texnologiyalar kompaniyaning bo‘lg‘usi loyihalari asosiga yotishi mumkin.

Top