16:22 / 29.05.2015
1769

Toshkentda kardiologiyaning dolzarb masalalari muhokama qilindi

Toshkent shahrida O‘zbekiston kardiologlarining VII s'yezdi bo‘lib o‘tdi. Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Kardiologlar uyushmasi, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi hamkorligida tashkil etildi. Unda Janubiy Koreya, Hindiston, Germaniya, Shveytsariya, Rossiya, Vengriya, Polsha, Chexiya va boshqa mamlakatlardan yuzga yaqin olimlar, shifokorlar, yosh tadqiqotchilar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. 


O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov, Kardiologlar uyushmasi raisi R.Qurbonov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligini muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash sohasining barcha yo‘nalishlari, xususan, kardiologiyani izchil rivojlantirish, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani va ular yuksak samaralar berayotganini alohida ta'kidladi.

Anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston tibbiyotida erishilayotgan yutuqlarni yuqori baholar ekan, o‘tgan davrda mamlakatimizda tibbiy xizmatning jahon andozalari darajasidagi o‘ziga xos milliy modeli yaratilganini ta'kidladi.

S'yezd majlislarida mamlakatimiz va dunyoda kardiologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar, istiqboldagi vazifalar haqida so‘z yuritildi. Yurak-qon tomir kasalliklari bilan kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirishning strategik vazifalari, mazkur xastaliklarning turli klinik shakllarini diagnostika qilish va davolashning dolzarb muammolari, arterial gipertoniya, surunkali yurak yetishmovchiligini davolashning zamonaviy imkoniyatlariga oid masalalar atroflicha muhokama etildi. 

Top