13:54 / 01.06.2015
9924

“Muruvvat” nogiron bolalar uchun internat uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida sport o‘yinlarining Respublika bosqichi o‘tkazilmoqda

1 iyun – Xalqaro bolalar kunining har yili respublikamizda keng nishonlanishi O‘zbekistonda bolalar va yosh avlodga Hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan kuchli va manzilli ijtimoiy himoya siyosatining yaqqol misoli bo‘lib xizmat qiladi.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tasarrufidagi
6 ta bolalar uchun “Muruvvat” internat uylarida 1,5 ming nafardan ziyod nogiron bolalar davlat ta'minotiga olingan bo‘lib, ushbu “Muruvvat” internat uylari o‘rtasida sport musobaqalarining respublika bosqichi yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.

Ushbu tadbirning Xalqaro bolalar kunida o‘tkazilishi unga o‘zgacha ma'no va shuur bag‘ishlaydi. Respublikamizda nogiron bolalarning ijtimoiy himoyasi yanada kengaydi va ularga xizmat ko‘rsatuvchi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasi yanada mustahkamlanmoqda.

Bayram tadbiri arafasida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan 948 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolar nogironlar aravachasi, 561 nafari eshitish moslamasi, 971 nafari xassa va 491 nafari qo‘ltiqtayoq bilan ta'minlandi.

Bugungi sport o‘yinlarida Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahri (2) dan bolalar “Muruvvat” internat uylari tarbiyalanuvchilari, jami 6 ta komanda (75 nafar nogiron bolalar) qatnashmoqda.

Sport musobaqalarining respublika bosqichida ishtirok etayotgan
75 nafar nogiron bolalarga Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan medal va faxriy yorliqlar hamda homiy tashkilotlar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Nogiron bolalar o‘rtasida sport o‘yinlariga o‘zlarining munosib sovg‘alari bilan kelgan hamkorlar – Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston “Kamolot” yoshlari ijtimoiy harakati Markaziy kengashi, “Sog‘lom avlod uchun” xayriya jamg‘armasi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati va Toshkent shahar hokimligi vakillari alohida jonbozlik ko‘rsatishdi. 

Top