15:59 / 01.06.2015
4448

Kontsert vaqtida dron parragi Enrike Iglesiasning qo‘lini kesib yubordi

Ispaniyalik mashhur qo‘shiqchi Enrike Iglesias Meksikaning Tixuana shahrida bo‘lib o‘tayotgan konserti davomida qo‘lini jarohatlab oldi va AQShga davolanish uchun yo‘l oldi. Bu haqda Assosheyted Press xabar bergan.

Ma'lum bo‘lishicha, 31 may kuni oqshomida o‘tkazilgan konsert vaqtida zaldan muxlislardan biri surat olish uchun uchirgan dron qo‘shiqchiga yaqinlashib kelgan. Iglesias esa dronni o‘zidan uzoqlashtirish maqsadida uni qo‘li bilan urib tushirmoqchi bo‘ladi, lekin dron parraklari uning barmoqlaridan biriga jiddiy jarohat yetkazgan.

Tibbiyot xodimlari darhol birinchi yordamni ko‘rsatishgan va Iglesiasning qo‘lini bog‘lab qo‘yishgan. Shundan keyin, Iglesias sog‘ qo‘li bilan mikrafonni tutgancha 1,5 soat davomida qo‘shiq kuylagan. Ayni vaqtda u Kaliforniya shtatidagi Los-Anjyeles shifoxonasiga olib ketilgan.

Internetda Iglesiasning oq futbolka kiygan va jarohatlangan qo‘lidan qoni oqib turgan holatida konsertni davom ettirayotgani tasvirlangan suratlar tarqaldi.

Qayd etish joizki, ushbu 40 yoshli qo‘shiqchi iyul oyida ham Meksikada konsert berishni rejalashtirgan.

Ma'lumot uchun, Enrike Iglesias Lotin Amerika musiqasi olamidagi eng mashhur zamonaviy ijodkorlardan biri hisoblanadi. U 20dan ortiq maxsus mukofotlarni qo‘lga kiritgan. "Gremmi" mukofotiga ham egalik qilgan bu qo‘shiqchi o‘z faoliyati davomida o‘ndan ortiq musiqiy albom yaratgan.

Top