15:08 / 01.06.2015
1999

Pekin shahrida jamoat joylarida chekish man qilindi

Xitoy poytaxtidagi jamoat joylarida chekishni taqiqlash to‘g‘risida qonun kuchga kirdi. Endilikda pekinliklar restoranlar, ofislar, maktablar va shifoxonalar hududida chekmasliklari kerak bo‘ladi. Shuningdek, maktablar binosiga 100 metr yaqin hududgacha tamaki mahsulotlar sotish taqiqlanadi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bergan.

Bu taqiqlarni buzuvchiga nisbatan 200 yuan (32 dollar) jarima belgilanadi. O‘z navbatida o‘z xodimlarining jamoat joylarida chekishiga yo‘l qo‘ygan kompaniyalar 10 ming yuan (1,6 ming dollar) miqdoridagi jarimaga tortiladi.

Shuningdek, uch marta qoidani buzgan shaxslarning nomlari hukumat saytida e'lon qilinib, jamoatchilik tanqidiga uchraydi. Xitoyda bu qonun ijrosini ta'minlash uchun minglab huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar jalb qilinadi.

Ma'lumot uchun, Xitoyda tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va iste'mol qilish keng rivojlangan bo‘lib, ba'zi maktablar tamaki kompaniyalari nomi bilan ataladi. Xitoyda 300 mln nafar kishi kashanda hisoblanadi. Xitoy aholisining 740 mln nafari passiv chekuvchilar, ularning 180 millionlik qismi bolalardir.

2014 yilda Xitoydagi bog‘chalar va o‘rta maktablar hududida chekishni taqiqlovchi qonun joriy qilingandi.

Top