15:55 / 01.06.2015
1893

Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari gaz zaxiralarining 83 yilga yetishini aytdi

Qozog‘iston zamini yana 83 yil mobaynida aholiga gaz berib tura oladi. Bu haqda “Qozog‘iston neft-gaz sektorini rivojlantirish muammolari” mavzuidagi parlament eshituvlari chog‘ida mamlakat bosh vazirining o‘rinbosari Baqitjan Sag‘intayev bayonot berdi.

“Mamlakatda gaz qazib olish shiddat bilan o‘sib bormoqda, u yiliga 43.2 mlrd kubometrni tashkil qilmoqda va, geologik resurslarni e'tiborga olgan holda, bu son yanada ko‘payishi mumkin. Jahon energetikasining yillik statistik sharhiga tayansak, qazib olish hajmlari o‘zgarmagan taqdirda Qozog‘iston gazi yana 83 yilga yetadi. Hukumatning bu yo‘nalishdagi xatti-harakatlari asosan gaz infrastrukturasini rivojlantirish va janubiy mintaqalarga gaz yetkazishni diversifikatsiya qilishga qaratilgan”, – uning so‘zlarini keltiradi Zakon.kz nashri.

Sag‘intayevning so‘zlariga qaraganda, Qozog‘istonda gaz sohasini rivojlantirishning 2030 yilga qadar mo‘ljallangan konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Mamlakatni gazlashtirish sxemasi ham ishlab chiqilgan bo‘lib, 2030 yilga kelib aholining gazlashtirilish ulushi 42 foizdan 56 foizga yetadi, gazlashtirilgan aholi punktlari soni esa 1150dan 1600ga yetadi. Iste'mol qilinuvchi gaz hajmi 2014 yili 12.4 mlrd kubometrni tashkil qilgan bo‘lsa, 2030 yili 18 mlrd kebometrga yetadi.

Top