16:17 / 02.06.2015
2983

“Boyqo‘ng‘ir” kosmodromi 60 yilligini nishonlamoqda

Bugun, 2 iyun kuni dunyodagi ilk va eng yirik kosmodrom – “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromi o‘zining 60 yilligini nishonlamoqda. Kosmodrom rasman 1955 yil 2 iyunda ochilgan.
Ushbu muhim sanani nishonlash munosabati bilan Qozog‘iston bosh vaziri Voxidjon Sog‘intoyev Boyqo‘ng‘ir shahri aholisini tabrikladi.

“Hurmatli, boyqo‘ng‘irliklar! “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromining tarixiy va ilmiy-texnik muhimligini anglagan holda Qozog‘iston va Rossiya uni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi va uni yanada rivojlantirish bo‘yicha ish olib bormoqda. Qozog‘iston va Rossiya prezidentlarining qo‘llab-quvvatlashi tufayli “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromi dunyo kosmonavtikasi rivojlanishining oldingi safida, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikning yorqin isboti bo‘lib qolmoqda”, deb murojaat qildi shahar aholisiga Sog‘intoyev muhim sanaga bag‘ishlangan tantanali marosimda.

Ma'lumot uchun, 1961 yil 15 aprelda “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromidan “Vostok-1” kosmik apparati koinotga ko‘tarilgan. Bu raketada Yuriy Gagarin timsolida ilk bor odamzod koinotga parvoz qilgan. Bu yerdan o‘ta og‘ir sinfdagi “Energiya” raketa-tashuvchisi, ilk bor Oy sirtiga qo‘ngan “Luna-2” qurilmalari uchirilgan.

“Boyqo‘ng‘ir” ko‘plab yillardan keyin ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan holda bugungi kunda dunyo kosmodromlari ichida yetakchi o‘rinni egallamoqda. Dunyodagi barcha raketa parvozlarining beshdan bir qismi ushbu kosmodromga to‘g‘ri keladi. Kosmodromning butun tarixi davomida undan 2500 dan ko‘proq marta raketa, 1500 dan ortiq qosmik qurilmalar koinotga uchirilgan. Qariyb 30 ta davlatdan 160 nafar fazogir ushbu kosmodromdan koinotga parvoz qilgan.

Top