17:23 / 02.06.2015
2591

Buxoroda “Ipak va ziravorlar” XIV Xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi

1 iyun kuni qadimiy Buxoroda “Ipak va ziravorlar” XIV Xalqaro festivali o‘z nihoyasiga yetdi.

O‘rta asrlarda Buxoro mis-o‘ymakorlik va zardo‘zlik san'atining yirik markaziga aylandi. Hozirda bu san'at turlarining an'analarini hozirgi avlod buxoroliklar saqlab qolishga harakat qilishmoqda. “Ipak va ziravorlar” festivali qadimiy shaharning sayyohlik imijini oshirishga qaratilgan bosh tadbirlardan biri hisoblanadi.

Festival Buxoro viloyati hokimiyati, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining mintaqaviy boshqarmasi, “Hunarmand” uyushmasining viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etildi.

Festivalda davlatimizning turli viloyatlaridan, shu jumladan Buxoro, Samarqand, Andijon, Xiva va Rishton kabi hunarmandchilik markazlaridan usta-hunarmandlar ishtirok etishdi. Bundan tashqari, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan tashrif buyurgan mehmon hunarmandlar ham festivalda o‘z mahoratlarini namoyish qilishdi.

Qariyb 5 ming sayyoh, tomoshabin va festival ishtirokchilari festivalning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdilar. Ochilish marosimi an'anaviy tarzda Xo‘ja Nasriddin haykali yonida bo‘lib o‘tdi.

Festivalning uch kuni davomida Buxoroning tarixiy markazi nafaqat ipak va ziravorlar, balki zargarlik buyumlari, sopoldan ishlangan buyumlar, gilamlar, so‘zanalar sotib olish mumkin bo‘lgan katta sharqona bozorga aylandi.

Festival doirasida Bahouddin Naqshband majmuasida “Ipak Yo‘lidagi shahar – Buxoroni qanday qilib jahon sayyohlik markazlaridan biriga aylantirish mumkin” degan mavzuda ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Turizm va sayohatlar bo‘yicha Jahon kengashi ekspertlarining ma'lumotlariga ko‘ra, 2025 yilga qadar O‘zbekistonga uyushtiriladigan sayyohlik safarlari soni 2013 yilga nisbatan 1,6 martaga o‘sib, yiliga 3,2 mln kishini tashkil qilishi mumkin. Ushbu tashkilot ekspertlari O‘zbekistonni sayyohlik bumi kutilayotgan “top-5”ta mamlakatlar qatoriga kiritgan. Respublikada sayyohlik sohasida 200 mingdan ortiq odam faoliyat yuritmoqda, sohaning mamlakatimiz YaIMiga qo‘shgan umumiy hissasi esa 2 foizdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Top