20:02 / 02.06.2015
2961

Islom Karimov Oqsaroyda Turkmaniston TIV rahbarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2 iyun kuni Oqsaroyda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

Islom Karimov O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligi ko‘plab sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta'kidladi. 

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning samimiy salomi va hurmat-ehtiromini izhor etdi hamda Turkmaniston rahbariyati o‘zaro aloqalarni mamlakatlarimiz va xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga mos ravishda yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga tayyor ekanini bildirdi. 

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi serqirra munosabatlar bugun izchil rivojlanayotgani, bu hamkorlik barqarorligi va samaradorligi bilan muhim ahamiyatga ega ekani ta'kidlandi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar o‘zbek va turkman xalqlarining ko‘p asrlik umumiy tarixi, mushtarak ma'naviy va madaniy qadriyatlari, yaqin qo‘shnilik, o‘zaro hurmat tamoyillari asosida muvaffaqiyatli rivojlanib bormoqda. 

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda qo‘shma sa'y-harakatlar bilan erishilayotgan natijalar o‘zaro manfaatli sheriklikni ishonchli tarzda va izchil mustahkamlash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi jadal o‘sib bormoqda. 2014 yil yakunlariga ko‘ra, bu boradagi ko‘rsatkich 410 million AQSh dollaridan oshdi, o‘sish sur'ati 16,6 foizni tashkil etdi. 

Turkmaniston O‘zbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga amaldagi raisligini, shu jumladan, “Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha harakat dasturi”ning uchinchi bosqichi va BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasida rasmiy hujjat sifatida qabul qilingan «Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yida ekotizimlar halokatining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi» amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik boshqa masalalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi. 

Top