08:51 / 02.06.2015
6940

JARdagi Sherlar bog‘ida amerikalik sayyoh urg‘ochi sher hamlasidan halok bo‘ldi

Janubiy Afrika Respublikasining ikkinchi yirik shahri Yoxannesburg yaqinida joylashgan Sherlar bog‘ida AQShlik sayyoh urg‘ochi sher hamlasidan olgan jarohatlari oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda BBC telekanali xabar bermoqda.

Yirtqich bog‘ hududidan ketayotgan avtomobilning ochiq oynasiga sakrab, mashina ichiga kirib olgan. Mashinada yosh er-xotin bo‘lgan. Ular sher hamlasidan og‘ir jarohatlar olishgan. Ayol olingan jarohatlardan halok bo‘lgan, erkak og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan.

AQShlik sayohning o‘limi 2015 yilda Sherlar bog‘ida ro‘y berayotgan uchinchi o‘lim bo‘ldi. Sher hamlasidan keyin bog‘ soqchilari sherning ketidan quvlab borishgan, biroq uni otishga qaror qilishmagan.

Sherlar bog‘i Yoxannesburgdan shimol tomonga 30 km uzoqlikda joylashgan va sayyohlar orasida juda ommalashgan. Bog‘ hududida gepardlar va ola-bula giyenalar erkin tarzda harakatlanib yuradi. Sherlar oilalari qo‘riqlanuvchi katta qafaslar ichida saqlanadi. Tashrif buyuruvchilar bu qafaslarni avtomobillarda kesib o‘tib, yirtqich hayvonlarni tomosha qilishlari mumkin. Biroq bog‘ning ichki tartib-qoidalariga ko‘ra, avtomobil oynasini tushirish qat'iyan man qilingan.

Top