20:26 / 02.06.2015
2360

Zarafshon shahrida “Kamalak” zamonaviy akva bog‘i ochildi

Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida “Kamalak” zamonaviy akva bog‘i foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda hududlarda zamonaviy madaniyat maskanlari va istirohat bog‘larining barpo etilayotgani, aholi, ayniqsa, bolajonlarning miriqib hordiq chiqarishida muhim omil bo‘layotgani ta'kidlandi. 

"Qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod bo‘lgan mazkur bog‘ni sahrodagi mo‘'jizaga qiyos qilish mumkin. Kombinatning Zarafshon qurilish boshqarmasi tomonidan barpo etilgan bog‘ning maydoni 1,3 gektarni tashkil etadi. Hudud manzarasini yanada bahavo qilish uchun 21 ming tup anvoyi gul hamda 1000 ga yaqin manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazildi", deydi Navoiy kon-metallurgiya kombinati markaziy kon boshqarmasi direktori o‘rinbosari Ilhom Sharipov. 

Bog‘ hududidagi 3ta cho‘milish havzasi, suzishga mo‘ljallangan aylanma anhor, turli favvoralar, zamonaviy attraksionlar bolajonlar ixtiyorida. Bu yerga tashrif buyuruvchilarning salomatligini muhofaza qilish uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish xonasi hamda muzqaymoq, salqin ichimliklar do‘konlari tashkil etildi. 

Top