19:34 / 04.06.2015
3905

Britaniya 2022 yilgi jahon chempionatini Qatar o‘rniga o‘tkazishga tayyorligini, biroq unga Rossiya xalaqit berayotganini aytmoqda

Buyuk Britaniya madaniyat, OAVlar va sport vaziri Jon Uittingdeyl o‘z mamlakatining 2022 yilgi jahon chempionatini agar u Qatardan olib qo‘yiladigan bo‘lsa, bu musobaqani o‘tkazishga tayyorligini, biroq unga Rossiya xalaqit berayotganini aytmoqda, chunki mundial Yevropaga ikki marta ketma-ket berilmaydi.

“Biz Qatarda jahon chempionatini o‘tkazish bilan bog‘liq vaziyatni kuzatmoqdamiz va hozircha bu qaror o‘z kuchida qolmoqda. Agar Rossiyada jahon chempionatini o‘tkazish borasida nimadir o‘zgarsa va FIFA bizdan chempionatni o‘tkazishni so‘rasa, unda bizda buni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud, buning ustiga bizning 2018 yilgi mundialni o‘tkazish uchun bergan arizamiz juda kuchli edi”, deb aytmoqda Uittingdeyl.

Avvalroq, Angliya futbol uyushmasi Yozef Blatterning FIFA prezidenti lavozimiga qayta saylanishiga javoban Rossiyadagi jahon chempionatiga boykot e'lon qilishga chaqirgan edi. Biroq Blatter iste'foga ketishini e'lon qilgandan keyin bu haqdagi gap-so‘zlar sekin barham topgan edi. 

Ma'lumot uchun, Angliya va AQSh mos ravishda 2018 va 2022 yilgi jahon chempionatlarini o‘tkazish huquqini Rossiya va Qatarga boy bergan edi.

Top