08:21 / 06.06.2015
2097

Toshkentda O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligiga bag‘ishlangan simpozium bo‘lib o‘tdi

5 iyun kuni Toshkentda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) vakolatxonasining O‘zbekistonda ish boshlaganiga 20 yil to‘lishi munosabati bilan O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligiga bag‘ishlangan simpozium o‘tkazildi.

Ushbu tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, moliya, savdo, sarmoya, yoqilg‘i-energetika, sayyohlik, bojxona, sog‘liqni saqlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish kabi qator sohalar uchun mas'ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi vitse-prezidenti Chve Song Xo va boshqalar O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik barcha jabhalarda izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta'kidladi.

"Janubiy Koreya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlik muttasil rivojlanib bormoqda. Biz O‘zbekiston bilan ko‘plab jabhalar, ayniqsa, inson resurslarini rivojlantirish, xususan, yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish va tibbiyot xodimlari malakasini oshirish yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. Boisi malakali mutaxassislar O‘zbekistonni yanada taraqqiy ettirish va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi faol hamkorlikni mustahkamlashda muhim omillardan hisoblanadi", – deydi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi vitse-prezidenti Chve Song Xo.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi bilan 2015-2017 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi qiymati 58 million dollar bo‘lgan grantlarni jalb etish orqali 11 loyihani amalga oshirishni nazarda tutgan. Toshkent aeroportini modernizatsiya qilish va yangi xalqaro terminal barpo etish loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish, quriladigan IV darajali zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalar uchun yuqori malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash va tibbiyot uskunalariga xizmat ko‘rsatish markazlarini, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida texnik mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash markazlarini tashkil etish, zamonaviy axborot-resurs markazini qurish va jihozlash, elektron o‘qitish tizimini joriy etish hamda o‘quv-ilmiy laboratoriyalarni jihozlash orqali Toshkent axborot texnologiyalari universitetini rivojlantirish loyihalari shular jumlasidandir. 

Simpoziumda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy aloqalar rivoji, xususan, mamlakatimiz bilan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi o‘rtasidagi hamkorlik, birgalikda sog‘liqni saqlash, elektron hukumat, ta'lim, qishloq xo‘jaligi kabi qator sohalarda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar haqida so‘z yuritildi. O‘zaro manfaatli va istiqbolli aloqalarni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Top