11:07 / 06.06.2015
1967

KOICA O‘zbekistonda 79 mln dollar miqdoridagi 24 loyiha bajargan

5 iyun kuni Toshkentda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) vakolatxonasining O‘zbekistonda ish boshlaganiga 20 yil to‘lishi munosabati bilan O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligiga bag‘ishlangan simpozium o‘tkazildi.

Ushbu tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, moliya, savdo, sarmoya, yoqilg‘i-energetika, sayyohlik, bojxona, sog‘liqni saqlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish kabi qator sohalar uchun mas'ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov agentlikning O‘zbekistondagi faoliyatiga 20 yil to‘lgani bilan o‘z tabrigini bildirdi va hamkorlik barcha jabhalarda izchil rivojlanib borayotganini ta'kidladi.

 

Rustam Azimovning qayd etishicha agentlik bilan hamkorlikda o‘tgan yigirma yil mobaynida sog‘liqni saqlash, ta'lim, axborot texnologiyalari, kommunal xo‘jaligi, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika kabi sohalarda qariyb 78,95 million AQSh dollari miqdorida 24 loyiha bajarildi.

 

Simpoziumda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning joriy yilning 27-29 may kunlari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqdi. Mazkur tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy va boshqa sohalarga oid 60 hujjat imzolangani eslatib o‘tildi. 

 


Top