18:45 / 07.06.2015
2172

Saudiya Arabistonida terrorchilikda gumon qilinayotgan 45 nafar kishi hibsga olindi

Saudiya Arabistoni xavfsizlik xizmatlari oxirgi bir necha kun davomida qirollikning sharqidagi shialar masjididagi teraktga aloqadorlikda gumon qilinayotgan 45 nafar kishini hibsga oldi, deb xabar bermoqda “Al-Xayyat” gazetasi o‘zining saytida.

Bu terakt qirollikning sharqiy viloyatida joylashgan Dammam shahridagi shialar masjidi kiraverishida amalga oshirilgan. Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, to‘rt nafar kishi, shu jumladan terrorchining o‘zi masjid oldida qo‘yilgan minalashtirilgan avtomobil portlashi oqibatida halok bo‘lgan. Dammamdagi teraktda o‘zini portlatgan terrorchi, qirollikning shimolidagi Xail shahrida yashovchi Saudiya Arabistonining 20 yoshli fuqarosi o‘tgan yili Makkada haj paytida Mino vodiysida "IShID" bayrog‘ini osib qo‘ygan edi.

Dammamdagi teraktdan bir hafta oldin yana bir terrorchi Al-Katif viloyatining Al-Kudayx degan joyida o‘zini portlatishi oqibatida 22 kishi halok bo‘lgan edi.

Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi oxirgi ikki teraktni amalga oshirishda gumon qilinayotgan "IShID" guruhining 16 nafar a'zosini terrorchilik faoliyatini amalga oshirishda gumon qilinib qidirilayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritgan. Saudiya Arabistoni hukumati ro‘yxatdagi odamlarni qo‘lga olishda yordam ko‘rsatgan shaxslarga 7 million saudiya riali (2 mln dollarga yaqin) mukofot puli va'da qilgan.

Top