22:19 / 08.06.2015
5057

Islom Karimov Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 8 iyun kuni Oqsaroyda Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Iyad Amin Madaniyni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston ellikdan ortiq mamlakat a'zo bo‘lgan ushbu nufuzli xalqaro tuzilma bilan samarali hamkorlik qilib kelayotganini ta'kidladi. 

Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda ulkan taraqqiyotga erishayotganini yuqori baholadi. 

Uchrashuvda ta'kidlanganidek, Islom hamkorlik tashkilotiga 1996 yilda a'zo bo‘lgan O‘zbekiston uning serqirra faoliyati va tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda, jahonda tashkilotning o‘rni va ahamiyatini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. 

Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvini mamlakatimizda o‘tkazish va tashkilotning mazkur muhim institutiga 2016 yilda O‘zbekiston raislik qilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ISESCO) tomonidan Toshkent shahrining 2007 yilda islom madaniyati poytaxti, deb e'lon qilinishi hamda “O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzuidagi nufuzli xalqaro konferensiya o‘tkazilishi mamlakatimiz bilan Islom hamkorlik tashkiloti o‘rtasidagi aloqalar rivojida muhim bosqich bo‘ldi. 

Oqsaroyda o‘tgan uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. 

Top