19:41 / 09.06.2015
4188

Xalq ta'limi vazirligi Toshkentdagi 91-sonli maktabda o‘quvchilarning ota-onalaridan pul yig‘ish holatini asossiz deb atadi

O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan 91-sonli umumiy o‘rta maktabda pul yig‘ilmagani va bu haqda UZ24 saytida chop etilgan shikoyat asossiz ekanligini aytdi.

UZ24 saytiga yo‘llangan maktubda shikoyatda aytilgan holatlarni aniqlashtirish uchun maktab direktori A.Temirova va sinf rahbarlari bilan suhbat o‘tkazilganligi ma'lum qilindi.

Suhbat davomida 91-maktabda pul yig‘ilmagani va shikoyat asossiz ekanligi ma'lum bo‘ldi.
Maktab ma'muriyati va sinf rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2012 yil 3 iyulda 2377-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Xalq ta'limi muassasasining vasiylik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizom”ning 24-bandida ko‘rsatilgan shartlarga rioya qilish kerakliklari haqida ogohlantirildi.

Bu bandda: “Ta'lim muassasasida o‘quvchilar (tarbiyalanuvchilar) va ularning ota-onalari (qonuniy vakillari)dan turli xil sabablar bilan ta'lim muassasasi rahbariyati va boshqa xodimlari (sinf rahbarlari, o‘qituvchilar, tarbiyachi, tarbiyachi-yordamchilar va to‘garak rahbarlari) tomonidan pul mablag‘larini yig‘ish qat'iyan taqiqlanadi”, deyilgan.

Maktubda 24-bandning 2-abzatsiga ko‘ra, ota-onalar ta'lim muassasasida pul mablag‘larining yig‘ilishi holatlari haqida og‘zaki yoki yozma ravishda bevosita Kengashga murojaat qilishlari mumkinligi, bunday holat yuz bergan taqdirda, Kengash tomonidan Xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlarining rahbar xodimlari ishtirokida muhokama etilishi hamda aybdor shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi ko‘rsatilgan.

Top